Farg‘onada futbol va mini futbol bo‘yicha DXX kubogi viloyat bosqichi g‘oliblari tantanali taqdirlandi










Farg‘onada futbol va mini futbol bo‘yicha DXX kubogi viloyat bosqichi g‘oliblari tantanali taqdirlandi Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr va konsert saroyi ochiq sahnasida futbol va mini futbol bo‘yicha DXX raisi kubogi musobaqalarining viloyat bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, sportchilar, faol yoshlar, jamoatchilik vakillari hamda futbol muxlislari ishtirok etdi. Tadbirda bu yil beshinchi marotaba tashkil etilgan futbol va mini futbol bo‘yicha DXX kubogi musobaqalarining aprelь-iyunь oylarida o‘tkazilgan quyi bosqichlarida viloyatimizdagi 1015 ta mahalladan 30 ming nafarga yaqin 16-30 yoshdagi o‘smir-yoshlar qatnashgani, viloyat bosqichi o‘yinlari ham qiziqarli va murosasiz baxslarga boy bo‘lgani ma‘lum qilindi. Bu kabi sport tadbirlari mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohalar qatori sportga ham berilayotgan katta e‘tibor, yoshlar salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasi ekani qayd etildi. Ayniqsa, O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixda ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanma olishi mamlakat yoshlariga katta ilhom va motivasiya bo‘lgani ta‘kidlandi. Quvonarlisi, o‘tgan davr davomida DXX kubogi musobaqalarida 10 ga yaqin yosh iqtidor sohiblari mutaxassislar e‘tiborini qozonib, professional futbolga jalb etildi va tadbirda ularning nomlari birma bir sanab o‘tildi. - DXX kubogi orqali yangi nomlar, yangi iqtidorlar etishib chiqmoqda. Eng asosiysi sog‘lom turmush tarzi targ‘ib qilinib, yoshlarimiz va xalqimiz orasida sportning ommaviyligi ta‘minlanmoqda,- dedi viloyat hokimi. Shundan so‘ng musobaqalarni tashkil etishda faolligi uchun hamkor viloyat boshqarma va tashkilotlari, hakamlar hamda Farg‘ona shahar hokimi Vasiljon Nazarov tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Katta futbol bo‘yicha Farg‘ona shahrining “Yangi yo‘l” mahallasi jamoasi, mini futbol bo‘yicha Quvasoy shahrining “Bog‘bon” jamoasi, qizlar o‘rtasida mini futbol bo‘yicha Toshloq tumani “Katta ko‘cha” jamoasi musobaqa g‘olibi deb e‘lon qilindi. Ularga musobaqaning respublika bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etishlariga ishonch bildirildi. G‘olib va sovrindorlarga kubok, diplom, medallar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, eng yaxshi o‘yinchilar ham munosib taqdirlandilar. Tadbir davomida yig‘ilganlar uchun "Yoshlar oqshomi" gala-konserti tashkil etildi. Estrada yulduzlari Ilhom Ibrohimov, Sevinch Mo‘minova, Xumora Shaydo, Nodirbek Xolboev, Izzatbek Qo‘qonov, Dilobod Muhiddinova kabi san‘atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Farg‘onada Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi


Dang‘arada mis va alyumin simlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda
