Shrift o'lchami Rang Rasm

Telegramm Youtube

VIRTUAL QABULXONA

INTERAKTIV XIZMATLAR

NORMATIV XUJJATLAR

Sektorlar faoliyati

OCHIQ MA‘LUMOTLAR

ASOSIY STATISTIK AXBOROTLAR

Farg'ona viloyati hokimi
Xayrullo Xayitbayevich Bozarov

Ijtimoiy tarmoqlar

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
<< Dekabr 2020 >>
DUSECHPAJUSHYA
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031   

.

.

Farg'ona viloyati investitsion salohiyati

Saytni baholash




Yangiliklarga obuna bo'lish

Hozir saytda 117 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
Ishonch telefoniga berilgan baholar


SHUHRAT G’ANIYEV: TIL VA ADABIYOT MILLATNING VIJDONI

×

 2020-06-29 20:44:23    27

PDF yuklash
Chop etish


Farg’ona viloyati hokimining “Millat tafakkurining bebaho xazinasi” amaliy anjumanidagi nutqi

Assalomu alaykum, aziz ustozlar, qadrli yoshlar!

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2019 yil 21 oktyabrda qabul qilgan “O’zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmonlari butun yurtimizda ko’tarinkilik bilan kutib olindi. O’zbek tili taraqqiyotiga davlatimiz rahbari tomonidan qaratilayotgan bu yuksak e'tibor barchamizga, ayniqsa, tilshunos va adabiyotshunos olimlarimizga quvonch bag’ishlaydi.

Yaxshi bilasizlarki, Farg’ona filologlar maktabining shakllanishi Farg’onada oliy ta'lim muassasasi tashkil etilishidan boshlanadi. 1943 yilda ona tili va adabiyoti fakulteti tashkil etildi. O’tgan davr mobaynida viloyat va mamlakatimiz uchun malakali kadrlar yetkazib berish bilan birga o’zbek tilshunosligi va adabiyotshunosligi fani taraqqiyoti uchun salmoqli hissa qo’shildi.

Bu ilm-ziyo maktabidan 3 nafar akademik, 20 ga yaqin fan doktori, professorlar yetishib chiqdi. Shuni faxr bilan aytish kerakki, bitiruvchilar orasidan 3 nafarlari O’zbekiston xalq shoirlaridir (Oxunjon Hakimov, Iqbol Mirzo, Enaxon Siddiqova).

Bu borada Qo’qon davlat pedagogika instituti o’zbek tili va adabiyoti fakultetining ham alohida o’rni bor. Ayniqsa, bugungi kunda fakultetning fidoyi olimlari tomonidan olib borilayotgan ishlarni e'tirof etish kerak.

Viloyat hokimligi homiyligida Amiriy devonining nashr ettirilganligi bu nafaqat adabiyotimiz, balki Vatanimiz ma'naviy hayoti uchun ulkan yutuq bo’ldi, desak adashmaymiz.

Aziz ustozlar!

2017 yildan Farg’ona davlat universiteti huzurida ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash faoliyat boshlagani Farg’onada filologiya maktabining nufuzi, tajribasi respublika oliy o’quv yurtlari o’rtasida ancha yuqori ekanligini ko’rsatib turibdi.

Kengash tarkibiga kiritilganlarning

8 nafari universitet olimlari ekanligi Sizlarning faoliyatingizga, samarali mehnatlaringizga berilgan yuksak baho, deb bilaman.

Farg’ona buyuk alloma va fozillarni, adabiyotimiz darg’alarini kamolga yetkazgan zamin ekanligini yaxshi bilamiz. Afsuski, joriy yilning o’tgan davri mobaynida O’zbekiston xalq shoirlari-Oxunjon Hakimov va Anvar Obidjon oramizni tark etdi. El suygan bu ikki ijodkorning she'rlarida katta hayotiy falsafa, insoniy kechinmalar bor. Ayniqsa, Oxunjon akaning ko’p she'rlari qo’shiqqa aylanib, xalqimiz qalbidan joy olgan. Men o’zim ham u kishining she'riyati muxlisiman.

Forig’ yurayin desang jabru sitamdan

Nafsingni tiyib, o’ylab bos qadamingni.

U kishining mana shu yozgan satri doimo xayolimda turadi.

Quvalik Shokirxon Hakimiyning xalqona she'rlari qo’shiq bo’lib, dildan dilga ko’chib yurganligi bejiz emas. Chunki uning she'riyatida o’ziga xos falsafiylik mujassam.

 Shu kunlarda shahar va tumanlarda maktab bitiruvchilari va yoshlar bilan uchrashuvlar o’tkazyapman. Afsuski, ular adabiyot haqidagi oddiy savollarga javob berolmayapti. Farg’ona farzandi Ozod Sharofiddinov, akademiklar Aziz va Laziz Qayumovlar haqida hech qanday ma'lumotga ega emas. Bu juda tashvishlanarlidir. Biz Muqimiy, Furqat, Haziniy kabi ijodkorlar bilan faxrlanishimiz kerak. 

Men bolaligimda buvimni qo’lida tarbiya topganman. U kishi mumtoz adabiyotni juda yaxshi bilishgan Buvim hali maktabga bormasimdan “sizga o’g’lim fozillarning she'rlaridan o’qib beraman” deya Fuzuliy, Navoiy g’azallarini qulog’imga qo’yganlar. Fozilu fuzalo tushunchasining ulug’ligini o’shandan boshlab anglay boshlaganman.

Yaqinda tasodifan Marg’ilon shahridagi Uvaysiy uy-muzeyi oldidan o’tib ketayotib, to’xtadim. Yarim soat turdim. Birorta yoshni bu maskanga kirganini yoki chiqib ketayotganini ko’rmadim. O’z hamshahrimizning merosini o’rganmasak, u haqida biror narsani bilmasak bundan yomoni yo’q. Ismini aytmay, shu mahalla raisidan Uvaysiy haqida so’radim. Ichkariga kiraylik o’sha yerda ma'lumotlar bor dedi. Ishonchim komil, bu amaldor Uvaysiy haqida hech narsa bilmaydi. Oldindan oqqan suvni qadri yo’q deb shunga aytishadi-da.

Sizlardan aziz ustozlar, jurnalistlar va o’qituvchilar bu borada aniq takliflar kutaman. Qanday qilsak, ona tilimiz nufuzini oshira olamiz? Qanday qilib, yoshlarni adabiyotga qiziqtirish mumkin? Bu ishlarni bajarish uchun vaqt, tashkiliy ishlar va mablag’ masalasida men doimo yordamga tayyorman. Hech qanday muammo yo’q. Demoqchimanki, biz hammamiz hayotdan ko’rib bilib xulosa chiqarishimiz va shu asosda rejalar tuzib, amalga oshirishimiz lozim. 

Siz aziz ustozlar bilan bugungi uchrashuvimizning bosh maqsadi ham shu. Tilimiz sofligini asrash, mavqeini ko’tarish uchun birgalikda qayg’urishimiz talab etiladi.

Alisher Navoiy bobomizning:

Naf'ing agar xalqqa beshak erur,

Bilki, bu naf o’zingga ko’prak erur, degan hikmatli so’zlarining ma'nosini Sizlar yanayam chuqurroq anglaysizlar.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Fursatdan foydalanib, bugungi tadbirimizda qatnashayotgan Siz aziz til jonkuyarlariga o’z takliflarimni bildirmoqchiman:

Birinchidan, Siz aziz ustozlarning tajribasi, bilim va mahoratidan samarali foydalanish maqsadida Ahmad Farg’oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazining ingliz, nemis, koreys, rus tili to’garaklari faoliyatidagi tajribasidan kelib chiqib, Aziz Qayumov nomidagi “Ona tili” to’garagini tashkil etish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

To’garakda o’zbek tiliga qiziquvchilar uchun professor-o’qituvchilar tomonidan tasdiqlangan reja asosida mahorat darslari olib borilsa hamda ular viloyatdagi telekanallar va davlat organlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida yoritilsa, o’ylaymizki, o’z samarasini beradi.

Qolaversa, yosh tilshunos va adabiyotshunoslarning ilmiy-tadqiqot ishlarini muhokama qilib borish yoshlarning shu yo’nalishga bo’lgan qiziqishlarini oshirishga xizmat qiladi, albatta.

Ikkinchidan, davlat muassasa, tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishga amaliy yordam berish, tushuntirish ishlarini olib borish, o’rni bilan joylarga borib, o’qitishlarni tashkillash lozim.

Uchinchidan, viloyat miqyosidagi tarixiy manbalarni tadqiq etish, xususan, ziyoli, ijodkor ajdodlarimiz hayoti va ijodi bilan qiziqish, ularni o’rganish, xalqqa, ilm ahliga tanishtirish, ular haqida kitoblar nashr etish. Masalan, “Farg’ona mumtoz adabiyoti namoyandalari”, “XX-XXI asr Farg’ona adabiyoti namoyandalari”, “Farg’ona olimlari” nomli kitoblar chop etilsa, o’ylaymizki, yoshlarimiz uchun benazir milliy ma'naviy meros yaratgan bo’lamiz. Shu kabi asarlar tayyorlansa, uni qo’llab-quvvatlash, moliyaviy manbasini aniqlashni biz o’z zimmamizga olamiz.

To’rtinchidan, maktab o’qituvchilarining ilmiy tadqiqot bilan shug’ullanishlariga amaliy yordam ko’rsatish, ularga mahorat darslari o’tish, maqola yozishlariga, ularni chop ettirishga ko’maklashish.

Bu bilan ta'limning quyi tizimi – maktablarimizda ham o’qituvchilarimizning salohiyatini oshirish, ular orqali farzandlarimizni shu sohaga jalb qilishga yordam ko’rsatgan bo’lamiz. Shu jarayonda umumiy o’rta ta'lim maktablari va oliy ta'lim o’rtasida hamkorlik o’z-o’zidan rivojlanadi.

Beshinchidan, o’zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish, farg’onalik tilshunos va adabiyotshunos olimlarning ilmiy faoliyati va izlanishlarini targ’ib qilish, yoshlarni o’zbek tilini o’rganishga bo’lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida «www.ona-tilim.uz» veb portalini hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini yaratish bugungi kundagi eng maqbul ishlardan bo’lardi. Bu mas'uliyatli vazifani amalga oshirish viloyatimiz kutubxonasiga topshiriladi hamda ularga kerakli mablag’ ajratiladi.

Oltinchidan, viloyat televideniyelarida o’zbek tili va adabiyoti targ’iboti bo’yicha muntazam efirga beriladigan ruknlar tashkil etish, ular orqali xalqimiz savodxonligini oshirish, til madaniyatini yuksaltirish hamda farg’onalik filolog olimlarning ilmiy faoliyati haqida turkum ko’rsatuvlar tayyorlash kerak, deb o’ylaymiz.

Qadrli ustozlar!

Shu kunlarda men Sharqning buyuk shoirlaridan Amir Xusrav Dehlaviyning ijodini katta qiziqish bilan o’qib boryapman.

Ma'lumki, Xusrav Dehlaviy Nizomiy Ganjaviy tamal toshini qo’ygan “xamsa”chilik an'analarining davomchilaridan biri sanaladi. Ma'lumotlarga ko’ra, uning otasi Sayfiddin Mahmud asli shahrisabzlik bo’lib, mo’g’ullar bosqinidan jon saqlab qolish uchun turkiy sulolalar boshqaruvi ostidagi Hindistonga ko’chib kelgan. Dehli sultoni Shamsiddin Eltutmish (1211-1236) uni saroyga taklif qilib, amirlik unvonini bergan. Shu bois Xusrav Dehlaviyning ismiga Amir unvoni qo’shib aytiladi.

Buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy o’z asarlarida bir qator Sharq allomalari, mutafakkirlari qatorida Xusrav Dehlaviyni ham alohida hurmat-e'tibor bilan o’z ustozlari qatorida sanab o’tganlarini bilasizlar.

Lekin biz bunday buyuk shoir va yozuvchilarimiz ijodini qayerda muhokama qilyapmiz, qayerda yoshlarimizga ommaviy tushuntirib beryapmiz? Yoki yoshlarimiz bugun Anbar Otinning “Risolai falsafai siyohon”, ya'ni “Qoralar falsafasi”ni biladilarmi? Bir o’zbek ayolining jasorati, tengsiz qudratini shu asarni o’qib anglashimiz va yoshlarimizga ham o’rgatishimiz kerak emasmi?

Biz yuqorida taklif qilgan “Ona tili” to’garagining bosh maqsadi ham shu: kelajak qo’lida bo’lgan yoshlarimizga tilni, adabiyotni sevishni o’rgatish, ona tilining qadrini baland tutishni anglatish, ulardan haqiqiy til va adabiyot himoyachilarini yaratishdir.

Siz aziz filolog olimlarimiz, amaliyotchi ustozlardan bu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda bizga yelkadosh, ishonchli hamroh bo’lasizlar, deb umid qilamiz hamda ishonamiz.

 Farg’ona viloyati hokimligi Axborot xizmati.

Facebook, Telegram, Veb sayt, YouTube