Shrift o'lchami Rang Rasm

VIRTUAL QABULXONA

INTERAKTIV XIZMATLAR

NORMATIV XUJJATLAR

Ochiq ma’lumotlar (byudjet)

OCHIQ MA‘LUMOTLAR


Yer qari uchastkalaridan foydalanish jarayonida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish haqidagi xulosa

Tanlangan xizmatga qo'shish

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

QARORI

TADBIRKORLIK SUB’EKTLARIGA «YAGONA DARChA» TAMOYILI BO’YIChA DAVLAT XIZMATLARI KO’RSATISh TARTIBINI YANADA TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO’G’RISIDA

(O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2015 y., 40-son, 516-modda)

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo’lidagi to’siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to’g’risida» 2015 yil 15 maydagi PF-4725-sonli Farmonining ijrosini ta’minlash va tadbirkorlik tuzilmalariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda davlat xizmatlarini ko’rsatish sifati hamda ulardan foydalanish imkoniyatlarini tubdan oshirish va shaffofligini ta’minlash maqsadida:

1. Tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarini ro’yxatdan o’tkazish inspektsiyalari negizida tadbirkorlik sub’ektlariga «yagona darcha» (keyingi o’rinlarda «yagona darcha» markazlari) tamoyili bo’yicha davlat xizmatlari ko’rsatish yagona markazlari tashkil etilsin.

Bunda, vazirliklar, davlat qo’mitalari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarida mavjud «yagona darcha» xizmatlarining faoliyati 2016 yilning 1 yanvaridan boshlab to’xtatiladi.

2. «Yagona darcha» markazlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

«yagona darcha» tamoyili bo’yicha davlat xizmatlarini ko’rsatish;

tadbirkorlik sub’ektlariga ro’yxatdan o’tkazish, ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillaridan o’tishda shaffoflikni ta’minlash;

tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko’rsatishda byurokratik g’ov-to’siqlarga yo’l qo’ymasdan davlat xizmatlari ko’rsatayotgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o’rnatish;

arizachilarga informatsion yordam ko’rsatish, shuningdek davlat xizmatlarini ko’rsatish tartibi va muddatlari to’g’risida bepul konsultatsiya berish.

3. «Yagona darcha» markazlarining namunaviy tuzilmasi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda «yagona darcha» markazlarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlasin.

«Yagona darcha» markazlarining ta’minoti tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro’yxatidan o’tkazish uchun tushgan mablag’lar va boshqa qonunchilikda taqiqlanmagan manbalar hisobidan ta’minlanishi belgilansin.

4. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2016 yil 1 yanvardan boshlab 2-ilovaga* muvofiq ro’yxat bo’yicha davlat xizmatlari faqat «yagona darcha» markazlari orqali amalga oshirish to’g’risidagi taklifiga rozilik berilsin.

*1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berildi.

O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda mazkur qaror bilan tasdiqlangan Ro’yxatga bosqichma-bosqich qo’shimchalar kiritish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

5. Belgilansinki, tadbirkorlik sub’ektlariga «yagona darcha» tamoyili bo’yicha davlat xizmatlarini ko’rsatishda, qonunchilikda belgilangan tartibni qiyinlashtirishning har xil usullaridan, jumladan ro’yxatdan o’tish va litsenziya olish tartib-taomillarini, shuningdek xususiy tadbirkorlik faoliyatiga qarshilik qiladigan boshqa byurokratik to’siqlardan foydalanishga qat’iyan yo’l qo’yilmaydi.

O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy bo’linmalari zimmasiga barcha davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari tomonidan ushbu talabni so’zsiz bajarilishi mas’uliyati yuklansin.

6. Vazirliklar, davlat qo’mitalari, boshqa davlat organlari va tashkilotlariga:

2016 yilning 1 yanvaridan boshlab mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq faqat «yagona darcha» markazlari orqali amalga oshiriladigan davlat xizmatlari Ro’yxatiga kiritilgan davlat xizmatlarini ko’rsatish uchun bevosita tadbirkorlik sub’ektlaridan arizalar qabul qilish;

davlat xizmatlarini ko’rsatish uchun «yagona darcha» markazlariga murojaat etgan tadbirkorlik sub’ektlarini ularning arizalarini ko’rib chiqish jarayoniga taklif qilish taqiqlanadi.

7. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda davlat xizmatlarini ko’rsatish tartibi to’g’risida doimiy ravishda mintaqaviy seminarlar o’tkazishni ta’minlasin;

Davlat xizmatlarini ko’rsatish tartibi va muddatlariga rioya etish ustidan nazorat o’rnatib, davlat xizmatlarini ko’rsatish tartibining buzilishi to’g’risida har chorakda Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot kiritsin.

8. O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2015 yilning 1 noyabrigacha:

«yagona darcha» markazlarini belgilangan tartibda kamida 1 MbG’s tezligida bo’lgan Internet tarmog’ining milliy segment ma’lumotlarini uzatish tarmog’iga, shuningdek bepul foydalanish asosida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoralararo elektron hamkorlik tizimiga, jumladan O’zbekiston Respublikasi interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali ulanish;

«yagona darcha» markazlari, shuningdek davlat xizmatlarini ko’rsatadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar uchun informatsion xavfsizlik talabini o’rnatish;

O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga davlat xizmatlarini ko’rsatish tartib-taomillaridan o’tish jarayonini nazorat qilib, «yagona darcha» markazlarining axborot resurslariga kirish imkonini ta’minlasin.

«Yagona darcha» markazlari, shuningdek davlat xizmatlarini ko’rsatadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari va ishchilari zimmasiga davlat xizmatlarini ko’rsatishda informatsion xavfsizlik talablariga rioya etish bo’yicha shaxsiy mas’uliyat yuklasin.

9. Belgilansinki, murojaat etish joyi va usulidan qat’i nazar, «yagona darcha» markazlari orqali davlat xizmatlarini ko’rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoralararo elektron hamkorlik tizimi hamda O’zbekiston Respublikasi interaktiv davlat xizmatlari yagona portalidan foydalaniladi.

10. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 1 iyundagi R-4481-sonli farmoyishi bilan tashkil etilgan Ishchi komissiyasi (R. Azimov) O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda:

joriy yilning 1 oktyabridan boshlab, eksperiment tariqasida Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tanlab olingan 2-3 tumanlarida tadbirkorlik sub’ektlariga «yagona darcha» tamoyili bo’yicha davlat xizmatlarini ko’rsatish yagona markazlarini tashkil etib, faoliyatini yuritsin;

2015 yilning 1 noyabrigacha «yagona darcha» tamoyili bo’yicha tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko’rsatish yagona markazlari faoliyatini tashkil etish bo’yicha joylardan olingan barcha fikrlar, tuzatishlar va takliflarni umumlashtirsin;

joriy yilning 6 noyabrigacha «yagona darcha» tamoyili bo’yicha tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko’rsatish yagona markazlari faoliyatini tashkil etish to’g’risidagi nizom va «yagona darcha» tamoyili bo’yicha tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko’rsatish bo’yicha yagona markazlar orqali davlat xizmatlarini ko’rsatish tartibi to’g’risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:

2015 yilning 15 noyabrigacha barcha tashkil etilayotgan «yagona darcha» markazlarini arizachilarga qulay bo’lgan joylarga barcha muhandislik kommunikatsiya (elektr va suv ta’minoti, telefon aloqasi va boshqalar) tarmoqlariga ulangan holda joylashtirishni ta’minlasin;

2015 yilning 1 dekabrigacha O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda «yagona darcha» markazlarining zamonaviy orgtexnika, kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan ta’minlanganlik darajasini inventarizatsiyadan o’tkazsin va markazlarning samarali ishlashi uchun belgilangan minimal talablarni hisobga olgan holda mahalliy byudjet mablag’lari hisobidan qo’shimcha yangi texnikalar bilan to’ldirsin.

12. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi davlat organlarini idoralararo elektron hamkorlik tizimi faoliyatining samaradorligini ta’minlash uchun 2015 yilning 1 oktyabrigacha davlat xizmatlarini ko’rsatuvchi davlat organlarining tuman (shahar) bo’g’inlariga zarur bo’lgan kompyuter uskunasini xarid qilib, bepul Internet tarmog’iga ulanishga 2015 yilning IV choragida O’zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan zarur mablag’larni ajratish bo’yicha Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritsin.

13. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi ikki oy muddatda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish bo’yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoev zimmasiga yuklansin.


O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2015 yil 28 sentyabr,

PQ-2412-son