Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
.
.
Saytni baholash
VILOYAT HOKIMINING SAYYOR QABULIDA: HAR BIR OILA HAYOTI VA TAQDIRIGA MAS'ULMIZ
2020-08-25 18:35:00 583
Mavjuda Abduvosidova bu yil Marg’ilon shahridagi 8-umumiy o’rta ta'lim maktabini a'lo baholarga tamomlab, Farg’ona davlat universitetining xorijiy filologiya fakultetiga hujjat topshirdi.
Marg’ilon shahrida joylashgan Erkin Vohidov nomidagi istirohat bog’ida o’tkazilgan sayyor qabulda viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev Mavjuda bilan ingliz tilida suhbatlashib, uning chet tilida ravon gapirishidan quvondi. Oilada otasiz ulg’aygan abituriyent qizning ilm-ma'rifat yo’lidagi tirishqoqligini olqishladi.
- Otangiz yo’qligi uchun aslo o’kinmang! – dedi viloyat rahbari Mavjudaning ko’nglini ko’tarib. – Har bir o’g’il-qizning taqdiri uchun qayg’urib, otalarcha mehribonlik qiladigan davlatimiz va Prezidentimiz bor. Kelajakda bir necha tillarni biladigan yaxshi olima bo’lishingizga ishonamiz.
Sayyor qabulda Shuhrat G’aniyev viloyat Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash boshqarmasi mutasaddilariga Mavjuda Abduvosidova uchun oliy ta'lim muassasalariga kirishda xotin-qizlar uchun ajratilgan 4 foizli imtiyozli kvota doirasida tavsiyanoma yozib berib, amaliy yordam ko’rsatish zarurligini ta'kidladi.
Samimiy muloqot ruhida o’tgan sayyor qabulda Farg’ona va Marg’ilon shahri hamda Toshloq, Qo’shtepa tumanlaridan tashrif buyurgan 50 nafarga yaqin hamyurtlarimizning kundalik turmush tashvishlari bilan bog’liq muammolari tinglandi. Aksariyat masalalar shu yerning o’zida ijobiy hal etildi. Ma'lum vaqt va mablag’ talab etadigan muammolar yechimi bo’yicha viloyatdagi tegishli bo’lim va boshqarmalar, sektorlar rahbarlariga amaliy taklif va tavsiyalar berildi.
Farg’ona shahrida yashovchi oliy ma'lumotli yosh mutaxassis Feruza Mamasoliyeva, qo’shtepalik hamshira Gulnoza Mashrapova o’z sohasi bo’yicha ishga joylashtirilgan bo’lsa, Marg’ilon shahrida istiqomat qiluvchi Ma'mura Hamdamova va Nasiba Tojiboyevalarning farzandlariga oliy ta'limdagi o’qishlari uchun ta'lim kreditini rasmiylashtirishga ko’maklashildi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo’lgan marg’ilonlik Zokirjon To’ychiyev, toshloqlik Muhabbat Rahimova singari bir necha murojaatchilarga kredit olish uchun tijorat banklari mutasaddilari biriktirildi.
Shuningdek, Toshloq tumaniga qarashli Aylanmajar MFYda yashovchi Mirkomil Parpiyevga nogironlik arvachasi berildi, qo’shtepalik Dostonbek Isroilov davolanish uchun shifoxonaga yotqizildi. Moddiy yordam olish, uy-joy muammolari, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, buzilgan huquqini tiklash, elektr ta'minoti, ichki yo’llarni ta'mirlash, ichimlik suvi masalasidagi murojaatlar tinglanib, ularning ijrosi bo’yicha tegishli mutasaddi idoralar, sektorlar rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Sayyor qabulda viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev viloyatdagi har bir idora va tashkilot, to’rtta sektor rahbarlariga xalqimiz o’z taqdiridan rozi bo’lib yashashi, bugungi islohotlar samarasini har bir oila va inson o’z hayoti misolida ko’rib ishonishi muhimligini aytib o’tdi. Har bir ishga mas'uliyat va daxldorlik tuyg’usi bilan yondashish zarurligini ta'kidladi.
Farg’ona viloyati hokimligi Axborot xizmati.