Shrift o'lchami Rang Rasm

VIRTUAL QABULXONA

INTERAKTIV XIZMATLAR

NORMATIV XUJJATLAR

Ochiq ma’lumotlar (byudjet)

OCHIQ MA‘LUMOTLAR

Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

Ijtimoiy tarmoqlar

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

.

.

Farg'ona viloyati investitsion salohiyati

Saytni baholash




Yangiliklarga obuna bo'lish

Hozir saytda 38 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
Ishonch telefoniga berilgan baholar


“YURTIM, SENI IDDAOLAR QILMAY SEVAMAN”

 2017-04-27 15:28:25    90

PDF yuklash
Chop etish


Muhammad Yusuf baxtli, omadli shoir. Unga mustaqil yurtni, ozod xalqini ko’rish nasib etdi.

Yurtning eng ulug’ bayramlarida uning qo’shiqlari baralla yangraydigan bo’ldi” (Ozod Sharafiddinov).

“Uning she’riyatini chin ma’noda qanotli she’riyat, yurt osmonida baland parvoz qiluvchi, yuraklarga qanot berguvchi she’riyat desa bo’ladi” (Erkin Vohidov).

 “O’zbek, millat, Vatan, ozodlik, o’zbeklik g’ururi, ulug’ bobolarga vorislik tuyg’usi Muhammad Yusuf she’rlarida gupurib turadi” (Muhammad Ali).

Bu kabi haqli e’tiroflar shoir siymosi va she’riyatining qadri va umrboqiyligi sirini o’zicha kashf etgan yuraklarning Muhammad Yusuf haqidagi o’ylariga hayotbaxsh surur beradi. Shoirning sodda, samimiy va rost so’z aytish iqtidori, aytganda ham hech kimga o’xshamaydigan, o’qiganda yodingizga, kuylaganda tilingizga o’rnashib, darrov qadrdon bo’lib qoladigan misralari uning she’rga ilohiy e’tiqod qo’yib yashaganidan nishona.

Muhammad Yusuf o’z ona xalqining yuksak orzu-intilishlari, armonlari, ertangi kunga bo’lgan bo’lgan umid va ishonchini o’z ovozi, o’z sozi bilan jo’shib kuylagan. U shu xalq bilan kuldi, shu xalq bilan yig’ladi, uning bilan yondi, faqat unga topindi. Bir jo’mard o’g’lidan e’zoz topgan ona yurt ham uni boshiga ko’tardi, bag’rida ardoqladi, yozganlarini vatanparvarlik va millatsevarlik yo’lida bayroq qildi.

O’zbekiston, shubhasiz, Muhammad Yusuf she’riyatining muhtasham timsoli, manglayi qo’yilgan sajdagoh kabi muhtaram edi. Uning “Hech kimga bermaymiz seni, O’zbekiston!” degan o’tli iqrori har bir vatandoshimiz qalbida jarang topdi, yoshlar yuragiga jo bo’ldi. Shoirning nazdida Vatanga muhabbat faqat balandparvoz hayqiriqlarda emas,  u buyuk sadoqat va ixlosda, beta’ma mehr bilan tirik.

Ko’hna tol beshikdan boshlanar olam,

Seni iddaolar qilmay sevaman.

Bir kuni singlim deb, bir kuni onam,

Vatan, kimligingni bilmay sevaman.

Shoirning Vatanga ayricha muhabbati uni “iddaolar qilmay” seva olishida. Muhammad Yusuf uchun “yuragining Olampanohi”, “shoxlari osmonlarga tegib turgan chinor”i, “ulug’lardan ulug’i” –Vatan. Vatanni sevmoq esa “Belanchak osilgan tollarni o’pib, Chaqaloq ko’ziga halol termulmoq” deganidir. Shoirning yuksak baxti ham shu Vatan va uning erki bilan tutash:

Do’stlar, og’iz to’ldirib Vatan,

Deya olmoq o’zi baxt ekan!

Muhammad Yusuf har qachon o’zbek nomini baland tutgan, milliy o’zlikni anglash sabog’ining jasoratli kurashchisi bo’lgan. “O’zbekman” nomli she’rida:

Ziyo oqqan men yurgan yo’l-yo’lakka,

Shomu Iroq zor termulgan o’zbekman.

Dunyolarni o’rantirgan ipakka,

Tilla qo’ng’iroqli karvon o’zbekman! –

deb yozadi  cheksiz g’urur bilan. Shoir yodida shu buyuk elga munosiblik va farzandlik burchini anglash tuyg’usi ham hamisha uyg’oq edi:

Qirq yil qulluq qilsam ham agar,

Uzolmasman sendan qarzimni.

Shoir qisqa umr ko’rdi, biroq o’zidan hech o’chmas chiroq, yorug’ iz qoldirdi. O’zi ta’bir qilganidek, shoirning bu yorug’ dunyoda chirog’i o’chmaydi. Gohi o’tlig’ she’r, gohi dilbar kuy bo’lib jaranglayveradi.

Bir haqiqat borki, u sohirqalb bolasini sog’ingan elni hamisha ovutadi. Ona yurt soyasiga joniga to’shagan,  bitta tandirini Parijning eng go’zal restoranlariga alishmagan, O’zbekistonni bilmaslarga achinib, bilganlarga ta’zim qilgan tanti o’g’lon sira o’lgan emas, uning hoki shu xalqning yuragida.

2014 yilda Muhammad Yusuf tavalludining 60 yilligi butun mamlakat bo’ylab katta adabiy bayram sifatida nishonlandi. Shoirning “Saylanma”si, “Muhammad Yusuf zamondoshlari xotirasida” to’plami nashr etilib, kitobsevar xalqimizning ma’naviy xazinasidan o’rin oldi. Davlatimiz rahbarining “Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy bog’i hududida Adiblar xiyobonini barpo etish to’g’risida”gi Qarori bilan ulug’ shoir xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan yana bir xayrli ishga qadam qo’yildi. Endilikda Milliy bog’ bag’rida adabiyotimizning buyuk siymolari xotirasiga bag’ishlangan yodgorlik majmualari safida elning atoqli farzandi Muhammad Yusuf haykali ham qad rostlaydi. Bu esa

“O’g’lim, desa ikki qo’llab jonimni tutib,

Sig’inaman mo’min va sof O’zbekistonga”

deya  kuylagan shoir o’g’li, uning hamisha uyg’oq she’riyatiga ko’rsatgan muhabbat va ehtiromning timsolidir.   

Muhammad Yusuf deb atalmish she’riyatda shoirning o’tli ovozi donishmand nigohlari, uyg’oq qalbi bo’y ko’rsatib turaveradi va shubhasiz, uning pok yodi va xalq qalbidagi umrini mangulikka tutashtirajak. Zero, asl she’riyatga haqiqiy barhayotlik, zavol bilmaslik toleyi yordir.