Qo‘qon shahrida Hunarmandchilik festivali arafasida juda ko‘p ob’ektlar qurilib topshirildi. Ular ichida yiriklaridan biri Usmon Nosir va Navbahor ko‘chalarida joylashgan 2 qavatli hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish va savdo markazi binolarining qurilishidir.
Ushbu savdo markazining umumiy yer maydoni 5,5 ga bo‘lib, qurilish egallagan maydoni 2,12 ga, favvora, hovuzlar maydoni 1, 81 ga va 0,40 ga avtoturargohdir. Bu yerda 3 ta favvora qurilishi va 59 ta 2 qavatli hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish va savdo markazi binolarining qurilishi nihoyasiga yetkazilmoqda.
Qo‘qon shahar hokimining qarori bilan ushbu hududda avvaldan mavjud sobiq 2 qavatli harbiy qism binolari rekonstruksiya qilinib, 3 qavatli savdo majmuasi va 50 o‘rinli mehmonxona binosiga aylantirilmoqda. Shuningdek, bu yerda savdo markazi va ko‘rgazmalar zalini qurish ham nihoyasiga yetkazilmoqda.
Hunarmandlar bozori hududini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish maqsadida yo‘llarga asfaltlar va plitkalar yotqizilgan. 3 ta zamonaviy arxitekturaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan favvoralar barpo etilib, oqova kanali, ichimlik suvi hamda elektr tizimi bilan ta’minlangan.
Ushbu inshoot qurilishida bosh-qosh bo‘lgan Viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, viloyat bosh arxitektori Bahodir aka Xo‘jamatovdan qurilishning borishi haqida ma’lumot oldik:
- Hunarmandlar savdo markazining hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish va savdo markazi, turar-joy binolari qurilishida qadimiy hunarmandlarning yashash tarzi va ishlab chiqarishlari namunasi asos qilib olindi, - deydi mutaxassis. - Qurilayotgan ushbu markazning birinchi qavatida hunarmandchilik mahsulotlari ishalb chiqarish va savdo zallari, ikkinchi qavatida esa ularning turar joy xonalari joylashgan hamda ularning qulay yashash va ishlash muhitini yaratish uchun muhandislik tarmoqlari tortilgan. Ushbu yer maydonlarida tadbirkor hunarmandlar elektron auksion orqali yer maydonlarini sotib olib, qurilish ishlarini olib bordilar. Ular ishlab chiqargan mahsulotlarini o‘z do‘konlarida sotishlaridan tashqari, bir qismini ko‘rgazmalar uchun tayyorlaydilar. 700 m/kv yer maydonida 2 qavatli ko‘rgazmali savdo markazi qurib bitkazilish arafasida. Bozorga keluvchi hunarmandlar va xaridorlar avtotransportlarining xavfsiz saqlanishini ta’minlash maqsadida ko‘pqavatli 300 o‘ringa mo‘ljallangan avtoturargoh qurilishi ham nihoyasiga yetkazilmoqda. Qo‘qon shahrining an’anaviy arxitektura ko‘rinishida yog‘och o‘ymakorligi ayvonlari o‘rnatilib, fasad qismiga ganch o‘ymakorligida bezaklar berildi.
Ushbu inshoot Qo‘qon shahrining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishi bilan birgalikda xalqaro Hunarmandlar festivaliga munosib tuhfa bo‘ldi. Hunarmandlar bozori har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan festivalda va umuman turizm shahri, butunjahon hunarmandlar shahri bo‘lgan Qo‘qonda qadimiy an’analarning bardavomligi uchun xizmat qiladi.
Gulbahor Saidg‘aniyeva