Shrift o'lchami Rang Rasm

VIRTUAL QABULXONA

INTERAKTIV XIZMATLAR

NORMATIV XUJJATLAR

Ochiq ma’lumotlar (byudjet)

OCHIQ MA‘LUMOTLAR

Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

Ijtimoiy tarmoqlar

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

.

.

Farg'ona viloyati investitsion salohiyati

Saytni baholash




Yangiliklarga obuna bo'lish

Hozir saytda 147 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
Ishonch telefoniga berilgan baholar


OLDIMIZDAN OQQAN DARYOLAR

 2017-06-29 17:25:35    86

PDF yuklash
Chop etish


Hayotda kimdir bugunning nasibasi deya elga issiq non tutadi. Kimdir bog’ yaratib el dasturxonini to’ldiradi. Sochlari ijod dardi bilan oqargan ahli qalam, otashin yuragida yozish shavqi jo’sh urgan yosh muxbirlaringiz esa ayni kunlarda siz aziz o’quvchilarimizga mo’ysafid gazetaning 24128 sonini  tutqazdi.

Bir qarashda bu son oddiy raqamga o’xshaydi. Lekin ana shu raqamlar mohiyatida umr bekatlari, o’tkir ko’zlarning nuri, tiniq fikrlarning hosilalari bor.  Munoqasha qilib aytadigan bo’lsak, “Farg’ona haqiqati” yuz yildan buyon tarix g’ildiragi ustidagi hayot  nafasini so’zga aylantirib sahifalarga muhrlab keladi. Uning 1917 yildagi birinchi soni Sankt-Peterburgdagi muzeylardan birida saqlanadi.

Lekin bugun gap bu haqda emas. Gap bo’yoq hidi ufurib turgan gazetaning yangi sonidan ham taqdiri uchun nasiba tuyadigan, har bir satr ustida qalam yurgizib mulohaza qiladigan  qalbi daryo ustoz jurnalistlar haqida boradi.

Ular ramziy ma’noda oldimizdan oqqan daryolardir. Daryo suvi hech qachon orqasiga qaytmaydi. Goh shoshib, goh sokin oqib o’tarkan, to’lqinlarida tublaridagi sadolar aks etadi. Bu to’lqinlar sohillarga urilganda qumliklarda izlar qoladi. Biroq tabiatning ajoyib erkaliklari bu izlarni ayovsiz o’chirib yuboradi. Inkishoflarimiz to’g’ri bo’lsa gazetachilik ham shunday. Zarrabin yig’ilgan taffakkur tomchilari ko’l bo’ladi, dunyo yuzini ko’radi,  vaqt shamoli esa ularni yodlardan o’chiradi. Zotan jurnalistning ijod faoliyati yangi kun bo’sag’asida boshlanadi. Erta, indin, bir kuni yozaman degan iqror unga begona. Bugunning nafasini xalqqa etkazadi,  ijodini ham buguni bilan kamolga etkazadi. Ozmi-ko’pmi kasb asrorlarini bilishning  ohanrabo yo’llarini ustozlarimdan o’rganganman.

Tahririyatda ish boshlaganimda sahni sersoya chinorlar, hovlisi olma-yu o’riklar bilan fayz to’kib turadigan bino nazarimda juda salobatli ko’rinardi. Ehtimol  ijod mashaqqatini yuragida ko’targan zahmatkash siymolar borligi uchun shundaydir.

Kirsam mumkinmi? – muharrir o’rinbosari eshigini ohista ochaman.

Ko’zoynak ostidan ma’noli qaraydigan kamtarin siymo A’zamjon aka Ortiqov  kechagina topshirgan “materiallarimni”(gazeta atamasida maqola shunday deyiladi) qo’limga qaytaradi.

 Mana bundayda, qizim, jumlani juda cho’zib yubormang, gazetxon maqolangizni o’qishga qiynaladi. Keyin voqea jarayonini ta’sirli yozishga o’rganing, xatolarga ehtiyot bo’ling!

Satrlarim bo’yalib, chizilib ketgan, satr oralariga yangi so’zlar qo’shilgan maqolamni olib qayta teraman. Salkam uch varoqli “hikoyam” bir qog’ozga etib-etmagan axborotga aylanadi. Lekin uztozning tahriridan hech qachon xafa bo’lmayman, arazlamayman. Qaytanga uning donoligi,  benazir tahriri, jumlalarni muxtasar tuzishidan quvonaman. Shunday qilib salkam besh yilcha ustozning pishiq-puxta tahriri soyasida muxbirlar qatoriga qo’shilib oldim. Uztozning zo’r muxbirlarning ham maqolasini tahrir qilgandan keyin o’qib ko’rib uning mahorati va fasohatiga ichdan qoyil qolardim. Manbalarni titkilab ko’rsam “tahrir” so’zi ortiqcha so’zlarni olib tashlash, matnni tartibga keltirib asar yaratish degani ekan. Ha, jurnalistika olamida maqolani tahrir qilishdek murakkab va nozik yumush yo’q  desam ishonavering.

Ming shukrki, men kabi muxbirlarning baxtiga bugun  A’zamjon akaning o’rnida unga munosib voris Abdujalil aka o’tiribdi. Uztozning u er bu eriga qalam tekkizib,ba’zi satrlarini o’chirib tashlagan maqolalarimni qayta o’qib, xatolarimni tan olib baribir g’o’r ekanman,   deya o’zimni koyib qo’yaman.

Bir kuni bolalar shifoxonasidan “to’shakday” maqola yozib kelibman. Ustozlarimdan biri, o’tkir qalamli jurnalist Mahfuza opa Usmonova maqolani  o’qib ko’rib o’sha zahoti qo’limga qaytarib bergan. Bemor bolalar haqida  o’zingiz ham og’rib yozing-da, deganlari esimdan chiqmaydi.

Ustozning o’zi sarlavha kashfiyotchisi edi. “G’alaba qilishing shart edi, yurak”, ”Onajon Ka’bam o’zingiz”, “Bo’ronlarda bordek halovat”, “Hiding nondek shirin, paxta”,  “Hayratni bilmagan odamlar sho’rli”, kabi maqolalarining sarlavhasiyoq o’quvchini o’ziga tortardi. Har bir bir maqolasida publitsistik ruh, pafos, achchiq haqiqatning tiniq chashmalari ifoda topardi.

Ustoz nihoyatda ko’p kitob o’qirdi. Stoli ustida hamisha uch-to’rtta kitob turardi. Kitoblardan olgan taassurotlari so’z bo’lib quyilib kelardi. Bir zarbda o’tirib kattagina maqolani qoralab qo’yardi. Bayonchilik,  siyqasi chiqqan jumlalardan qochar, voqelikning original echimini topqirlik bilan ifodalay olardi. Maqolaning ibtidosiyoq gazetxonning yuragini “jiz” etkizardi.

Men yuqorida nomlarini tilga olib o’tgan uztozlardan tashqari O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalistlar Doniyor Ergashev, Abdujabbor Husanov,  alp jurnalist  Vog’iz Muzaffarov, Ibrohimjon Ashurov, Hafiza Salyahova, Sodiqjon Sayfuddinov, Mashrabjon Sarimsoqov kabi ustoz hamkasblarimdan faoliyatimizning nozik sir-asrorlarini, hayotiy tajribalarni o’rgandim.

Gohida gazetachilikda biror muammo tug’ilib qolsa bir zumda oldimdan oqqan daryolar-ustozlarim ko’z o’ngimdan o’tadilar. Xo’sh ular bunday vaziyatda qanday yo’l tutgan bo’lardilar, deya o’zimga savol beraman. Gohida esa ko’nglimda bir armon bo’y cho’zayotganini sezaman. Ustozlarni qadriga etish deganda ularni hamisha e’zoz va ikrom qilishni tushunmaslik kerak ekan. Balki ulardan ko’proq saboq olish, aytganlariga amal qilib yashash va ular kabi hayotni sevish va qadrlash zarur ekan.

Aytgan so’zini qaytib olmaydigan, donishmand, sermulohaza, kasbini ardoqlagan, ezgu so’zi, hassos qalbi, beminnat yordami bilan daryolarga aylangan ustozlarimga umrim boricha ta’zimdaman.