Shrift o'lchami Rang Rasm

VIRTUAL QABULXONA

INTERAKTIV XIZMATLAR

NORMATIV XUJJATLAR

Ochiq ma’lumotlar (byudjet)

OCHIQ MA‘LUMOTLAR

Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

Ijtimoiy tarmoqlar

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

.

.

Farg'ona viloyati investitsion salohiyati

Saytni baholash




Yangiliklarga obuna bo'lish

Hozir saytda 130 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
Ishonch telefoniga berilgan baholar


ULUG’LAR YURTIDAN YANA ULUG’LAR CHIQSIN

 2017-07-25 18:37:47    125

PDF yuklash
Chop etish


O’zbekiston dunyo tamadduni rivojiga, Sharq ma’naviy olami taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan yurtdir. Tarixiy ildizlarimiz Islom olamining ulkan olimlari, ajdodlarimiz ilmiy-madaniy merosidan oziqlangan. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 23.06.2017 kuni qabul qilingan “Vazirlar Mahkamasi huzurida O’zbekistonda Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi  qarori ana shu ma’noda jahon hamjamiyatida O’zbekistonning olamshumul tarixi borligini namoyon etish, milliy faxr tuyg’ularini shakllantirish, haqiqiy ilm namoyandalarini etishtirish yo’lida qo’yilgan ulkan qadamdir. Ushbu tarixiy voqea munosabati bilan O’zbekiston musulmonlari idorasi Farg’ona viloyati vakili, Farg’ona viloyati bosh imom-xatibi Tursuntohir Erbo’taev bilan suhbatlashdik.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Islom madaniyati markazini tashkil etish haqidagi qarori bizning va kelajak avlodning taqdirida nechog’li hayotiy ahamiyatga ega deb o’ylaysiz?

– Bu qaror,  davlatimiz rahbariyatining bu yo’nalishdagi ko’rsatmalari milliy g’urur, o’zlikni anglash, dunyo hamjamiyatidagi o’rnimizni bilish va insoniyatni yaxshilikka etaklash, ulug’larimiz, ajdodlarimiz xotirasiga munosib yashashga da’vat etishi bilan ahamiyatlidir. Zero, yoshlarimiz ulug’ bobolarining nomlarinigina bilish bilan kifoyalanmay, balki ularning insoniyat tarixida daho sifatida qolishiga sabab bo’lgan asarlari bilan oshno tutinmoqlari zarur. Ana shunda ulug’lar chiqqan yurtdan yana ulug’lar chiqadi.

Musulmon Renessansining jahondagi o’rni xususida nima deya olasiz? Islom tarixida diniy va dunyoviy ilmlarni o’rganishga qay darajada ahamiyat berilgan?

Qarorda ko’plab Islom olimlari qatori viloyatimiz hududida yashab o’tgan Burhoniddin Marg’inoniy hamda Ahmad Farg’oniy kabi allomalar nomlari ham tilga olingan. Ular dunyoviy ilmlar bilan birga islom madaniyati, ilmini rivojlantirishga ham katta hissa qo’shganlar.

O’rta asrlarda yashagan Markaziy Osiyolik olimlar orasida salmoqli o’rin egallgan buyuk astronom, matematik va geograf Farg’oniyning to’liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir Farg’oniydir. Sharqda “Hosib” (matematik) degan laqab olgan Farg’oniy 798 yilda Farg’ona vodiysining Qubo (Quva) qishlog’ida tug’ilgan. Ilm yo’lida Bag’dodga ketib qoladi va shu erda yashaydi. U erda Markaziy Osiyolik vatandoshlari Muhammad Xorazmiy, Abbos ibn Said Javhariy va Ahmad ibn Abdulloh Marvaziylar bilan birgalikda murakkab chet til tushunchalarini aynan ifodalaydigan arab terminologiyasini yaratadi.

Ahmad Farg’oniy Abbosiy hukmdor Xalifa al-Ma’mun (813–833) davrida Bag’dodning Shammosiya mahallasidagi va Damashqqa yaqin Kasiyun tepaligidagi rasadxonalarda, shuningdek, o’zining loyihasi asosida qurilgan Bag’dod rasadxonasida ko’pgina kashfiyotlar qildi, 812 yilgi quyosh tutilishini oldindan hisobladi, erning dumaloqligini isbotladi. U xalifa Mutavakkil zamonida (846–862) Nil daryosi suvi satxini o’lchaydigan yangi asbob “miqyos an-Nil” nilometrini yaratdi. Uning “az-Zij al-Ma’mun al-mumtahana” (al-Ma’munning sinalgan astronomik jadvallari)si arab tilidagi dastlabki astronomik asarlardan biri bo’lib, O’rta asrda Evropaga tarqalgan edi.

 Damashq rasadxonasida Xolid ibn Abdumalik va Farg’oniy bilan birga ikkinchi guruh olimlar ishlaganlar. Ahmad Farg’oniy Suriya shimolida, Sinjor sahrosida 832–833 yillar Tadmur va ar-Raqqa oralig’ida er meridiani bir darajasining uzunligini o’lchashda ishtirok etgan.

Farg’oniyning asosiy astronomik asari “Kitob al-harakat as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum”(“Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi”) XII asrda Evropada lotin tiliga ikki marta va XIII asrda boshqa Evropa tillariga ham tarjima qilinganidan so’ng, uning lotinlashtirilgan nomi “Alfraganus” shaklida G’arbda bir necha asr davomida keng tarqaladi. Uning bu kitobi shu asrlar davomida Evropa universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik vazifasini o’tadi.

Farg’oniy asarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1493 yilda nashr etilgan bo’lib, eng qadimgi nashr qilingan kitoblardan hisoblanadi. 1669 yili mashhur golland matematigi va arabshunosi Yakob Golius Farg’oniy asarining arabcha matnini yangi lotincha tarjimasi bilan nashr etganidan so’ng, Farg’oniy va uning asarining Evropadagi shuhrati yanada ortdi. Evropa Uyg’onish davrining buyuk namoyandalaridan biri bo’lgan mashhur olim Regiomontan XV asrda Avstriya va Italiya universitetlarida astronomiyadan ma’ruzalarni Farg’oniy kitoblaridan o’qigan.

Hozirgi kunda Farg’oniyning sakkiz asari ma’lum bo’lib, ularning hammasi astronomiyaga aloqador. Ular quyidagilardir: yuqorida zikr etilgan asar, odatda, uni “Astronomiya asoslari haqida kitob” nomi bilan ham atashadi – qo’lyozmalari dunyo kutubxonalarining deyarli barchasida bor. “Usturlob yasash haqida kitob” – qo’lyozmalari Berlin, London, Mashhad, Parij va Tehron kutubxonalarida, “Usturlob bilan amal qilish xaqida kitob” – birgina qo’lyozmasi Rampurda (Hindiston), “Farg’oniy jadvallari” – qo’lyozmasi Patnada (Hindiston), “Oyning Er ostida va ustida bo’lish vaqtlarini aniqlash haqida risola” –qo’lyozmasi Qohirada, “Etti iqlimni hisoblash haqida” – qo’lyozmalari Gotada va Qohirada, “Quyosh soatini yasash haqida kitob” – qo’lyozmalari Halab va Qohirada saqlanadi. Shunday qilib, buyuk ajdodimizning bu asari Evropa Uyg’onish davridagi va undan ancha keyingi davrdagi madaniyat rivojida sezilarli rol o’ynadi.

Farg’oniyning nomi Xorazmiy kabi butun Sharq va G’arbda mashhurdir. O’rta asrda tabiiy-ilmiy bilimlarning rivojiga ulkan hissa qo’shgan olim sifatida manbalarda, so’nggi G’arb va Sharq mualliflari asarlarida g’urur va iftixor bilan tilga olinadi va o’rganiladi. 1998 yilda O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti farmoni bilan allomaning 1200 yillik tavallud sanasi katta tantanalar bilan nishonlandi.

Burhoniddin al-Marg’inoniy Movarounnahr tuprog’ining taniqli faqihlaridan biri. Alloma Farg’ona viloyatining Rishton qishlog’ida tavallud topdi. Buxoroyi sharif madrasasida tahsili ilm qildi. “Hidoya” Burhoniddin Marg’inoniy (511-593 h.s.) tomonidan tasnif qilingan hanafiy fiqhi furu’idagi mashhur kitobning nomi. Bundan tashqari, u kishi Islom fiqhi asoslariga doir bir necha ilmiy asarlar muallifidir. 

Ular orasida mashhurrog’i “Bidoyat al mubtadiy” hisoblanadi. Olim keyinchalik bu kitobiga “Kifoyat al muntahiy” nomli sakkiz jilddan iborat sharh yozdi. Uning qalamiga mansub “Hidoya” ham muxtasar sharhdir. Bu sharh Movarounnahr, Hindiston va Turkiya mintaqalariga keng tarqalgan. “Hidoya” ko’plab Sharq mamlakatlarida fiqh bo’yicha asosiy qo’llanma sanaladi. U asar fors, ingliz va rus tillariga tarjima qilingan.

“Al-muntaho”, “Nahrul mazhab”, “Al tajnis val mazid”, “Muxtoratul nozil”, “Kitobul faroiz” kabi kitoblar Islom dunyosida mo’’tabar ulamolar tarafidan tan olingan mashhur asarlar bo’lib, ular ulug’ alloma Burhoniddin al-Marg’inoniy rohmatullohi alayhi qalamiga mansubdir.

“Hidoya” hanafiy fiqhning eng muhim kitoblaridan biri bo’lib mislsiz shuhrat qozongandir. Bu kitobning ba’zilar “Bidoyatul mubtadiy”ning sharhi desalar, boshqalar uni “Muxtasari Quduriy”ning sharhi deydilar. Masalani chuqurroq o’rganib chiqilganda “Bidoyatul mubtadiy” imom Marg’inoniyning furu’i fiqhdagi muxtasar asari bo’lib, u kishi uni imom Muhammadning “al-Jomi’ as-Sag’ir” va Quduriyning muxtasari asosida tayyorlagani ma’lum bo’ladi. Binobarin, avvalgi ikki gap ham to’g’ri degan kishi xato qilmaydi.

Imom Burhoniddin al-Marg’inoniy rahmatullohi alayhi o’zining “Bidoyatul mubtadiy” kitobini ikki marta sharh qilgan. Birinchi sharhni “Kifoyatul muntahiy” deb nomlagan va yozib bitirgandan so’ng cho’zilib ketganini, ko’pchilikka malol kelishini e’tiborga olib qisqaroq sharh qilgan va unga “Hidoya” nomini qo’ygan.

 Shayx Akmalidinning aytishicha, “Hidoya”ning sohibi bu kitobni o’n uch yil davomida tasnif qilgan va o’sha muddatda doimo ro’za tutib yurgan.

Imom Burhoniddin al-Marg’inoniy rahmatullohi alayhi “Hidoya”da ko’pincha har bir fiqhiy hukmning dalili va ta’lili – hikmatini yoki qaysi fiqhiy qoidaga binoan chiqarilganini aytib ketgan. Bu, albatta, kitobning qiymatini oshirgan. Shu bilan birga tanqidchilar Imom Burhoniddin al-Marg’inoniy rahmatullohi alayhi “Hidoya”da keltirgan hadis va asarlarning manbasi va roviysi keltirilmaganini nuqson sifatida zikr qilganlar. Bu ta’naga qarshi ish olib borgan hanafiy ulamolardan imom Zayla’iy “Hidoya”da keltirilgan har bir rivoyatning manbasi va roviysini topib “Nasbur roya taxriyji ahodisi hidoya” degan kitob tasnif qilgan. Bu kitob ham “Hidoya” kabi shuhrat topgan.

“Hidoya” hanafiy fiqhidagi eng mashhur kitobga aylangan, desak mubolag’a qilmagan bo’lamiz. Ulamolar bu kitobga alohida e’tibor berganlar va berib kelmoqdalar. Hozirda ba’zi yurtlarda, jumladan, Iroqda “Hidoya”ni yod olmagan odam faqih hisoblanmaydi. Katta ulamolar “Hidoya”ni turli yo’llar ila tadqiq qilganlar. “Hidoya”ga juda ko’p sharhlar yozilgan. Hoji Xalifa “Kashfuz zunun”da bu sharhlarning o’ziga etib kelganlarini besh sahifaga yaqin hajmda sanab o’tgan. 

Badriddin Ayniyning “Hidoya”ga yozgan “Binoya” nomli sharhini tahqiq qilib chop etishni yo’lga qo’ygan zamondosh olim Amiyn Solih Sha’bon kitobning qirq ikkita sharhi ro’yxatini keltirgan. “Hidoya” bugungi kunda ham hamma tolibi ilmlar tomonidan ixlos bilan o’rganilmoqda.

Bugun jahondagi global muammolardan biri Islom va terrorizm mavzusidir. Shu o’rinda ijtimoiy tarmoqlar orqali bo’layotgan axborot xurujlari masalasi og’riqli nuqtalarimizdan bo’lib qolmoqda. Islom madaniyatini belgilovchi xususiyatlardan biri diniy bag’rikenglikdir. Shu haqdagi fikrlaringiz?

Islom so’zining o’zi tinchlikparvarlik ma’nosini beradi. Islom dini din muhofazasi, aql muhofazasi, nasl muhofazasi, mol-dunyo muhofazasi kabi insonparvarlik tamoyillari asosiga qurilgan. Bularga putur etkazish islom dinining asoslariga mutlaqo to’g’ri kelmaydi. Terrorizmga aloqador deb qarash Islom diniga nisbatan bo’layotgan tuhmatlardir. Dunyodagi barcha samoviy dinlar ezgulik g’oyalariga asoslanadi. Ular odamlarni to’g’rilik, soflik, shafqat va bag’rikenglikka undaydi. Birovga ozor bermaslikka, yomon ishlardan tiyilishga, nafs ko’yiga tushib adashmaslikka chaqiradi. Diniy bag’rikenglik g’oyasi barcha dinlarga xos ana shu umumiy tamoyillarni anglagan holda, ular o’rtasida hamkorlik o’rnatishga va shu tariqa butun insoniyatning orzusi bo’lgan adolat tantanasiga erishishga da’vat etadi. Shu bois ham ko’pgina milliy qadriyatlarning zavol topmasdan yashab kelayotgani ham dinning ana shu xususiyatlari bilan bog’liqligi mutaxassislar tomonidan hali-hanuz e’tirof etiladi.

Dinlararo bag’rikenglik deb, xilma-xil din va mazhab egalarining bir-birining e’tiqodini o’zaro hurmat qilib, tushunib, yagona zamin, yagona vatanda, olijanob g’oya va niyatlar yo’lida hamkor va hamjihat bo’lib yashashiga aytiladi. Bugungi kunda dinlararo bag’rikenglikka erishish uchun ular o’rtasida madaniy muloqot, ezgulik yo’lidagi hamkorlik aloqalari yo’lga qo’yilmoqda. Ayniqsa, keyingi asrda insoniyat boshiga tushgan xatarlar — yadro urushi xavfi, ekologik halokatlar, terrorchilik va diniy ekstremizm kabi ofat-balolar dinlarni ezgulik, barcha insonlar uchun yagona bo’lgan sayyoramizni saqlab qolish yo’lida birlashish va hamkorlik qilishga undamoqda. Barcha dinlarning mohiyatini ezgulik, do’stlik va birodarlik, mehr-shafqat kabi tushunchalar tashkil qiladi. Xususan, sizu biz e’tiqod qilib kelayotgan muqaddas Islom dinining bu boradagi ta’limotlari hozirgacha ibrat bulog’i bo’lib kelayotganini barcha xalq din vakillarining  tan olayotgani ham sir emas.

Shu o’rinda manbalarda keltirilgan mavzuga oid dalillardan ayrim namunalarni keltirib o’tsak. Imom Buxoriy hazratlari “Al-adab al-mufrad” asarlarida quyidagilarni keltiradilar: “Mujohid aytadilar: Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhuning yonida edim. Uning quli bir qo’yni so’yish uchun olib kelayotgan edi. “Ey yigit! Qo’yni so’yganing zahoti ulush berishni yonimizdagi yahudiy qo’shnimizdan boshlashni unutma!”, - dedi Abdulloh.  Yonimizda turgan bir odam: “Yahudiyga ehson qilasanmi? Alloh seni isloh qilsin!”, - dedi.  Abdulloh ibn Amr: “Rasululloh alayhissalom qo’shniga ehson qilishlikni tavsiya qilganlarini eshitganman, shunchalar ko’p tavsiya qilganlarki, hatto qo’shni bizga merosxo’r bo’ladimikin, deb o’ylab qolganmiz, deya javob berdi”.

Guvohi bo’lganingizdek, dinimizdagi bag’rikenglikning bir jihati qo’shni misolida namoyon bo’lib, bunda uning dini, irqi yoki millati emas, balki qo’shni ekanligi hamda qo’ni-qo’shnichilik odob-axloqlari va me’yorlari dinimizda haq darajasiga ko’tarilmoqda. Bu esa xalqimizning “yon qo’shnim – jon qo’shnim”, “uzoqdagi dondan yaqindagi somon yaxshi”, “qo’shning tinch – sen tinch” kabi hikmatli so’zlari ostida porlab turgan o’chmas qadriyatlarimizning qanchalar bebaho gavhar ekaniga yana bir isbot talab etmas haqiqatdir.

Ota-bobolarimiz yosh avlodga ta’lim-tarbiya, odob-axloqdan saboq berar ekanlar, shubhasiz, odobning ilk bosqichi “salom” bilandir. Ajdodlarimizdan qadriyat sifatida qon-qonimizga singib kelgan salomlashish me’yorlarini ayni paytda “ommaviy madaniyat” ta’siri ostida qolayotgani ham o’yga toldirmoqda. Ayrim yoshlarni “Assalomu alaykum” so’zi o’rniga g’arbdan kirib kelgan so’zlarni ishlatishi, ba’zilari esa “Assalomu alaykum”ning o’rniga turli xildagi xatti-harakatlardan foydalanishi, ayniqsa, “Assalomu alaykum” (ma’nosi: sizga tinchlik-omonlik bo’lsin!) iborasini haqoratomuz, beandisha so’zlarga almashtirib ishlatilishini nima bilan izohlash mumkin?! Bu esa oxir-oqibat, kishining ma’naviyati va madaniyati qashshoqlashuvi, ajdodlardan avlodlarga qadriyat sifatida o’tib kelayotgan muloyimlik, rahm-shafqat, do’stlik va kechirimlilik kabi ulkan fazilatlardan ajrash demak. Bu borada quyidagi hadisni esga olish ham o’rinli.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yahudiylar kelib: “Assaamu alaykum” (“Sizga o’lim tilayman”) – deyishdi. Oisha roziyallohu anho: “Sizlarga ham! Sizlarni Alloh la’natlasin! Sizlarga Allohning g’azabi bo’lsin!” – dedilar. U zot alayhissalom:

Shoshma! Ey Oyisha, muloyimlikni odat tut. Zinhor qo’pol va uyat so’z aytuvchi bo’lma! – dedilar.

Ularning nima deganini eshitmadingizmi? – dedilar.

Nima deganimni eshitmadingmi? Men ularga qaytardim. (“Va alayka assaam”) Mening ularga aytganim qabul bo’ladi. Ularning menga aytgani qabul bo’lmaydi – dedilar.

Bundayin misollar va voqeliklarning sanog’i cheksiz. Muhimi esa uni hayotga tadbiq qilib, amalda ko’rsatish, shundagina natijaga erishiladi.

Ushbu tushuncha atrofida er kurrasining barcha xalqlari, elatlarining jipslashishga har qachongidan ham ayni paytda muhtoj ekani yanada ravshan bo’lmoqda. Chunki faqat bag’rikenglikkina dunyoning turli mintaqalarida sodir bo’layotgan fojealarning oldini olishi mumkin. Shu boisdan, YuNESKO 1995 yili Parijda «Bag’rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi»ni qabul qildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan esa 1996 yildan buyon har yilning 16 noyabr sanasi «Bag’rikenglik kuni» deb e’lon qilindi. Ushbu tamoyillarga amal qilgan mamlakatimiz hududida hozirda 130dan ziyod millat hamda 10dan ortiq din vakillari birlashib, musaffo osmon ostida tinch va osuda hayot kechirmoqdalar.