Shrift o'lchami Rang Rasm

VIRTUAL QABULXONA

INTERAKTIV XIZMATLAR

NORMATIV XUJJATLAR

Ochiq ma’lumotlar (byudjet)

OCHIQ MA‘LUMOTLAR

Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

Ijtimoiy tarmoqlar

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

.

.

Farg'ona viloyati investitsion salohiyati

Saytni baholash




Yangiliklarga obuna bo'lish

Hozir saytda 158 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
Ishonch telefoniga berilgan baholar


GAZETXONLIK – MA’NAVIYAT TALABI, IJTIMOIY FAOLLIK MEZONI

 2017-10-05 09:54:51    437

PDF yuklash
Chop etish


shuningdek, har kimning vijdon ishi hamdir

 

 

Yillar va davrlar silsilasida, turfa ijodkorlar nigohida charxlangan qalami, o’tlig’ so’zlari bilan obro’ va e’tibor qozonib kelayotgan “Farg’ona haqiqati” gazetasining  dunyo yuzini ko’rganiga bir asr to’ldi.

Viloyat hokimligining Bosh nashri sifatida bugungi kun harorati va mas’uliyatini to’la namoyon etib, davlat va xalq o’rtasida muhtasham ko’prik vazifasini bajarib kelayotgan gazeta viloyatimiz hayotidagi izchil islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarni xolis, ochiq va haqqoniy mezonlar asosida yoritib keladi.

“Farg’ona haqiqati” gazetasi bugungi shiddatli davrda amalga oshirilayotgan islohotlar, jamiyat hayotidagi yangilanish va o’zgarishlar yuzasidan o’z so’zini aytish barobarida, mamlakat va viloyat miqyosida e’lon qilinayotgan muhim qaror va farmoyishlar, xalqimiz hayoti va taqdiriga bevosita daxldor bo’lgan ezgu chora-tadbirlarning amaliy aks-sadosini berayotir.

Ma’naviyatning muhim ildizlaridan biri, shubhasiz, kitobxonlik va gazetxonlik fazilatiga borib taqaladi. Davlatimiz rahbari  Shavkat Mirziyoevning har ikki ma’naviyat omiliga alohida e’tibor qaratayotgani, respublikamizda  nafaqat kitob mahsulotlari, shuning barobarida davriy nashrlarni chop etish samaradorligini oshirishning qo’llab-quvvatlanib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning kitob va gazeta mutolaasiga chorlanayotgani bejiz emas, albatta. Ayniqsa, bu borada insoniyat ishonchini sharaf bilan oqlagan omil, aynan matbuot ekanligini gazetachilik tarixi  ko’p bor isbotlagan. Ma’rifatparvarlar bobolarimiz milliy matbuotimizga asos solish asnosida “Maslak va maqsadimiz – xalq manfaatiga xizmat etmak” degan g’oyani o’rtaga tashlaganlari gazetaning millat ma’naviyatining asosi ekanligini chuqur anglab etganlarini ko’rsatadi.

Faqat yuksak ma’naviyat g’alaba qiladigan, kundan-kunga tomir otib borayotgan johil illatlarga qarshi faqat ma’naviyatgina engilmas kuch bo’lib kurasha oladigan davrda yurtimiz, xususan, viloyatimizda chop etiladigan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy gazetalarga e’tibor masalasi, umuman, gazetxonlik madaniyatidan ko’ngillar to’lgulik emas.

Gap xalq ma’naviyati xususida ketar ekan, gazetaga obuna masalasi ko’ndalang kelganda, ko’pchilikning bu ishga bee’tiborlik va sustkashlik bilan qarashi bor  gap. Bu borada, avvalo, o’zi ibrat bo’lmayotgan  ayrim korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlarining gazetaga munosabatini hech qaysi mezon bilan o’lchab bo’lmaydi.

Tahririyatda ko’p uchraydigan holat: ayrimlar viloyat hokimligining Bosh nashri, nufuzli gazetada  o’zi rahbarlik qilayotgan tashkilot faoliyatini aks ettirib, maqola chop etilishini istaydi-yu, so’nggida “Gazetangizning shu sonidan bir-ikkita topib bering” deyishga uyalmaydi. Boshqacha qilib aytganda, tandirda non pishirtirib, rohat bilan eydi, biroq na nonvoy mehnatining, na nonning va na o’tinning haqini to’laydi. Aslida mana shu holatning o’zi ma’naviyatsizlik belgisi emasmi?

Birinchi Prezidentimiz har doim “Ma’naviyat yo’q joyda, o’sish, rivojlanish bo’lmaydi”, deb bong urganlari bejiz emas. Chindan ham, har bir korxona, tashkilot, muassasa va davlat idorasida, avvalo, ma’naviy muhit barqaror bo’lgandagina, undan ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish natijalarini kutish mumkin. Masalaning yana bir muhim jihati, qo’l ostida 5 yoki 500 nafar xodim mehnat qiladigan korxona rahbari va uning o’rinbosarlari davlatimizda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarning viloyatimizdagi natijalardan, muhim qaror va farmonlar mohiyatini o’zida aks ettirgan maqola va axborotlardan o’z vaqtida xabardor bo’lishi, hududda ta’lim, sog’liqni saqlash, madaniyat, sport, adabiyot, qishloq xo’jaligi kabi muhim sohalarga oid jarayonlar bilan izchil tanishib borishi uchun ham doimiy gazeta mutolaasi kerak. Shu o’rinda, jamiyatning yuragi matbuot ko’ksida urib turadi, degan naql ma’nisini chuqurroq o’ylab ko’raylik, jamiyatning yurak urishini tinglamagan qaysi rahbar bunga o’z faoliyatida aks sado beradi, uning o’zi nofaol va mas’uliyatsiz bo’laturib, qo’l ostidagi xodimlarga davlat va el-yurt ishi uchun fidoyilik va faollik ko’rsatishni talab qilishga haqlimi? Yo’q, albatta.

To’g’ri, har kimning o’z ma’naviy tanlovi, huquqi bor. Qolaversa, hech qaysi gazetaning obunasi majburiy emas. Ammo masalaning ikkinchi bir jihati bor. Respublikamizni keyingi besh yil ichida rivojlantirishga mo’ljallangan Harakatlar strategiyasi bo’yicha izchil chora-tadbirlar rejasi amaliyotga tadbiq etilmoqda, xalq bilan muloqot samaradorligini oshirish, inson manfaatlariga oliy mezon sifatida qarash, shuningdek, yoshlar masalalariga davlat siyosati darajasida katta e’tibor qaratish kabi keng ko’lamli islohotlar bardavomdir. Gazeta esa ushbu ezgu sa’y-harakatlarning mazmun-mohiyatini xalqqa ko’rsatuvchi ko’zgulardan biri sifatida haqli e’tirof etilayotir. Bu endilikda obuna masalasi nafaqat ma’naviyat talabi, ijtimoiy faollik mezoni, balki vijdon ishiga aylanganini ko’rsatadi.

Obuna – nafaqat gazetaning dunyoga kelishi uchun sarf etilgan vaqt, qog’oz, rang, to’kilgan ko’z nuri, ado etilgan ijodiy mehnat, tahrir mashaqqatinigina emas, fidoyilik haqqi, desak to’g’ri bo’ladi.

Aziz gazetxon! Kaykovus o’zining “Qobusnoma” asarida “So’zingizga xaridor bormi, bor bo’lsa, so’zlang!” deydi. Aytmoqchi bo’lganimiz, gazeta ham yuksak minbar. Unda munosib so’z aytib, xalqqa yuzlanmoq, odamlar qalbiga ma’naviyat epkinlari, ma’rifat nurlarini olib kirmoq ham sharafli, ham o’ta mas’uliyatli vazifadir. Ana shunday olijanob vazifa zimmamizda ekan,  ezgu so’zimizning siz kabi xaridorlari ko’p bo’lishini, shuning ilhomidan yonib, jo’shib yozish va yozganlarimizni qo’lingizga tutishni behad istaymiz.  Siz ham gazetamizning xaridori bo’lib, uning chinakam egasiga aylansangiz, har sonini intiq kutib, sahifalarda yoritganlarimizga o’z munosabatlaringizni bildirib borsangiz, bizga cheksiz ijodiy quvvat bergan, yuz yilki siz bilan mudom dillashayotgan “Farg’ona haqiqati”ning zabardast yuragiga yanada barkamollik olovini solgan bo’lasiz. Zero, gazetxon mehri va e’tibori bilan bu qutlug’ nashrning ko’zi yorqin, so’zi o’tkir bo’lib boraveradi.