Shrift o'lchami Rang Rasm

VIRTUAL QABULXONA

INTERAKTIV XIZMATLAR

NORMATIV XUJJATLAR

Ochiq ma’lumotlar (byudjet)

OCHIQ MA‘LUMOTLAR

Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

Ijtimoiy tarmoqlar

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

.

.

Farg'ona viloyati investitsion salohiyati

Saytni baholash




Yangiliklarga obuna bo'lish

Hozir saytda 44 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
Ishonch telefoniga berilgan baholar


VILOYATIMIZ AHOLISIGA!

 2017-12-19 12:16:00    78

PDF yuklash
Chop etish


Qadrli yurtdoshlar!

Aziz farg`onaliklar!

Biz, 2018 yil ostonasida, mamlakatimizda buyuk o’zgarishlar ro’y berayotgan, xalqimiz o’zining yorqin kelajagiga komil ishonch bilan borayotgan, dunyo O’zbekistonga havas bilan bo’ylayotgan, har bir fuqaroning sadoqati, vatanga daxldor hissi, sinovdan o’tayotgan ulug` kunlarda yashamoqdalar.

Bugun Prezidentimiz Harakatlar Strategiyasida belgilab bergan, inson qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblangan adolatli yangi jamiyatni qurishda taraqqiyotning yangi asriga chiqish vazifasi, men shu yurt farzandiman degan har bir yurtdoshimizdan ogohlik, jonfidolik, jipslikni talab etadi.

Kurrai zamindagi barcha insonlar uchun hayotda eng qadrlisi-tinchlik va salomatlik. Bu har ikki ne’mat ham jinoyatdan xoli yurtda yuksak maqomga erishadi. Jinoyatni butkul yo’qotib bo’lmas, ammo keskin kamaytirish uning o’z qo’limizda.

 Bugun sizlarga o’z xalqini, yurtini sevgan, Vatan taqdiriga, jamiyat taqdiriga befarq, loqayd qarab turmaydigan insonlar o’laroq jinoyatchilikning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarlikka yo’l qo’ymaslik maqsadida murojaat qilmoqdamiz. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish tashabbuskori bo’ldilar. Ularning bergan tavsiya, yo’l-yo’riqlari asosida viloyatimizda ham keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

 Huquqbuzarlik, jinoyatchilikning oldini olish masalasi millat taqdiri, kelajagi bilan bog`liq g`oyat dolzarb masaladir.Chunki jinoyatchilik millatning o’zligiga, kelajagiga tahdid soladi.

Oldimizda uchta muhim vazifa turibdi. Bular, huquqbuzarlikka yo’l qo’ymaslik, jinoyatchilikning oldini olish va jinoyatga qarshi kurashish. Ba’zida tilimizga erk beramiz, kimlarningdir sha’nini toptaymiz. Yoki, avtomobilda ketayotib yo’l qoidasiga rioya qilmaymiz. Huquqbuzarlikning zaminida Qonunni mensimaslik sari birinchi qadam turadi.Bunday holga yo’l qo’ymaslik uchun avvalo hayotiy tajribaga ega ota-ona, qo’ni-qo’shni, tarbiyachilar, matbuot xodimlari zimmasida katta mas’uliyat turibdi. Tanbeh va targ`ibot yo’lini mustahkamlaylik.

 

Jinoyatchilikning oldini olish huquqiy savodxonlik bilan chambarchas bog`liq. Qay biriizning honadonimizda Qonunlar to’plami, hech yo’q Qonun chop etilgan gazeta taxlamlari bor? Biz qabul qilinayotgan Qonun, qonun osti me’yorlarini dastlab o’zimiz o’qib, anglab, unga rioya etib yashayapmizmi? Farzandlarimiz, yaqinlarimizni ulardan boxabar qilyapmizmi? Hali bu ishlarga astoydil kirishishimiz lozim.

 Biz jinoyatchilikka qarshi kurashaylik, deymizu, mahallada, ish joyimizda jinoyat sodir etayotganlarni ko’ra-bila turib tegishli idoralarga hamisha ham habar bermaymiz. Shunday qilsak, go’yo o’zgalar bizni chaqimchi deyayotgandek his qilamiz. Aksariyat holda “bildim deb tutildim, bilmadim deb qutildim”, degan aslida noto’g`ri g`oyaga yon beramiz. Nahot jinoyat yoki jinoyatchi haqida xabar berish, o’z mahallasi-yu shahar-qishlog`i tinchligiga, millatimizning ma’naviy sog`lomligiga xizmat qilish chaqimchilik bo’lsa?! Biz shunday fikrga chalg`ib katta xato qilmayapmizmi? O’ylaymizki, bu masalada har bir yurtdoshimizning fikri, munosabati va uni matbuotda oshkora izhor etish, bahslashish har qachongidan ham bugun dolzarb. Biz qonunlarga rioya etib yashashni o’rganishimiz va ko’nikishimiz lozim.    

O’zbek ayoli tomonidan  turli jinoyatlarning sodir etilishi g`oyat achinarli holdir. Bejiz ulug` bobomiz Rudakiy: “Qaysi bir millatni yakson qilmoqchi bo’lsangiz, qizlari, onalarini izdan, tarbiyadan chiqaring, qaysi millatni ulug`lamoqchi bo’lsangiz, bo’lajak onalarini chiroyli tarbiyaga, go’zal axloqqa o’rgating” – demaganlar. Chunki ayol millat tarbiyachisidir.

Qadri baland erkaklar!

Qadim-qadimdan erkaklar oilaning oriyati, or-nomusi, hamiyat qo’rg`oni bo’lib kelganlar. Afsuski, bugun erkaklarimizning oiladagi o’rni, obro’siga darz ketib bormoqda. Bozorlarda qop ko’targan, chetga ishlagani ketayotgan, erkakshoda bo’lib borayotgan ayollarning ham oilasida erkaklar bor. Oilada oriyat, hamiyatni uyg`otishimiz kerak! Pahlavon Mahmud shunday demish:

Agar senda bordir mardlikdan asar,

Ahli ayolingni etma darbadar.

Meva shoxi devordan oshsa

Yo’lovchilar unga beshak qo’l cho’zar.

Aziz ayollar!

Siz biror davlat ishida, korxonada ishlamasangiz ham, oiladagi farzandingizni chiroyli tarbiya qilib, jamiyatga solih farzandni qo’shishingiz qahramonlikdir. O’zbek ayoliga panjara orti emas, obod gulshan – oila qo’rg`oni yarashadi. Oila –muqaddas. Ota-ona ibrat, namuna. Ibrat ham tarbiya. Davlatga, Vatanga sadoqat namunasini ko’rsatish eng ulug` tarbiyadir. Oilada kitobxonlik madaniyatini shakllantirishimiz kerak. Kitob o’qimayotgan bolalarimiz – bizning yo’qotgan bolalarimizdir.

Hurmatli yurtdoshlar!

Yoshlarimizni birovlarga berib qo’ymaylik! Ularning tarbiyasi bilan o’zimiz shug`ullanaylik. Axir yoshlarning bo’sh vaqti – dushmanning ish vaqtidir. Tibbiyot xodimi kasbi taqozosi bilan qasamyod qabul qilganidek, har bir muallim ham o’ziga so’z bermog`i kerak. Yoshlar ongida ma’naviy bo’shliqqa yo’l qo’ymaylik.

Hurmatli ota-onalar!

Ota-ona har qanday holatda o’z farzandiga yaxshilik istaydi. Ammo farzandingizga moddiy jihatdan o’ta mehribonligingiz kelgusida ularning hoyu havaslarga berilishi, natijada turli balolarga giriftor bo’lishiga olib kelishi mumkin. Ularga ma’naviy ozuqa bering, diniy, ma’rifiy, axloqiy tarbiya oilalarimizda ustun bo’lsin! Milliy qadriyatlarimiz mohiyatini teranroq tushuntiring. Farzandlarini na tilga, na hunarga o’rgatmay turib chet ellarga pul topishga yuborayotgan ota-onalar ham yo’q emas. Hayotda yashashdan maqsad faqat pul topish emas. Ilgari onalarimiz farzandlariga allalar, ertaklar aytib berishardi. Chaqaloqligidanoq ularda kitobxonlik madaniyatini shakllantirishardi. Milliy qadriyatlar ruhi ana shular bilan birga singdirilgan. Hozir bunday an’ana davomiylik istaydi.

Kelajak egasi bo’lgan yoshlar!

Siz jamiyatning mustahkam ustunlariga aylaning! Sizga berilgan imtiyozlar, imkoniyatlardan keng foydalaning, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo’shing.  Bu yil ta’sis etilgan “Mard o’g`lon” mukofoti va bir qator imtiyozlar sizlarning kelajagingiz uchun qo’yilgan yangi, yuksalish zinalaridir. Ota-onalaringizga qariganda tirgak bo’ling, keksa chog`ida ularning ko’z yoshini oqizmang!

Mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududlarga aylantirishimiz kerak. Profilaktika inspektorlariga mahallardan uy-joy, xizmat mashinalari berildi. Ular ham shu mahallaning farzandi qatorida endi. Bizni yaqin hamkorlikda ishlash kutyapti.

Umr insonga bir marta beriladi. Eng aziz, eng oliy ne’matning qadriga etmoq lozim. Akademik shoir G`afur G`ulom o’zining faylasufona qarashlari bilan ana shu haqiqatni mohirona ifodalaydi:

Aziz asrimizning aziz onlari

Aziz odamlardan so’raydi qadrin.

Fursat g`animatdir, shoh satrlar-la

Bezamoq chog`idur umr daftarin.

Ha, fursatlar yugurik, umr lahzalari g`animat, yaxshilik, ezguliklar qilish uchun ulgurmoq zarur. O’tajak umrimizning har bir lahzasi  taqdirimizni shoh satrlar bilan bezasin.

Hammamizda bu mening ko’cham, bu mening mahallam degan tuyg`u bo’lmog`i shart. Hamjihatlikda ishlaylik, loqaydlik, befarqlikka barham beraylik! Toki “Jinoyatchilikdan xoli hudud – bu mening mahallam!” deya ayta olaylik!

 

 

Viloyat faollari nomidan:

Viloyat hokimligi

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi

Viloyat prokuraturasi

Jinoyat ishlari bo’yicha viloyat sudi

Viloyat xotin-qizlar qo’mitasi

“Nuroniy” jamg`armasi viloyat bo’limi

Viloyat “Mahalla” xayriya jamoat fondi

Viloyat Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi

O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo’limi

O’zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi

 

Manzura Madalieva, O’zbekiston Qahramoni

Patila Ergasheva, O’zbekiston Qahramoni

Ulug`bek Umarov, O’zbekiston Qahramoni

Botir Temirov, O’zbekiston Qahramoni

Abdug`ani Abdullaev, O’zbekiston Qahramoni

Anvar Obidjon, O’zbekiston xalq shoiri,

Oxunjon Hakimov, O’zbekiston xalq shoiri,

Enaxon Siddiqova, O’zbekiston xalq shoiri,

Shafoat Raxmatullaeva, O’zbekiston xalq artisti,

Robaxon Mahmudova, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg`ona viloyatidagi xalq qabulxonasi mudiri.

Otabek Muhammadzohid, xonanda,

Bektemir Meliqo’ziev, boks bo’yicha jahon chempioni.