Shrift o'lchami Rang Rasm

VIRTUAL QABULXONA

INTERAKTIV XIZMATLAR

NORMATIV XUJJATLAR

Ochiq ma’lumotlar (byudjet)

OCHIQ MA‘LUMOTLAR

Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

Ijtimoiy tarmoqlar

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

.

.

Farg'ona viloyati investitsion salohiyati

Saytni baholash




Yangiliklarga obuna bo'lish

Hozir saytda 53 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
Ishonch telefoniga berilgan baholar


BIR ASRKI SO’ZI TIRIK, QALAMI UYG`OQ

×

 2017-12-20 11:30:02    117

PDF yuklash
Chop etish


“Farg`ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalarining yuz yilligiga bag`ishlangan anjuman viloyatimiz ijodkorlarining chinakam bayrami, jurnalistlar tantanasiga aylandi

 Milliy matbuotimizga asos solingan dastlabki yillarda “Maqsad va maslagimiz – xalq manfaatiga xizmat etmak” degan ezgu g`oya bilan maydonga chiqqan ma’rifatparvar bobolarimizning sharafli ishlariga tarixning o’zi guvoh. Istiqlol quyoshi  porlagan bugungi kunlarda millat ma’naviyati deya jonfidolik qilgan ulug` ajdodlarimizning munosib vorislari shakllanib kelayotgani, boshqacha qilib aytganda,  o’zbek jurnalistikasi tom ma’noda rivojlanish va dunyoga bo’ylashish pallasida turgani Vatanimiz ijodkorlarini, shubhasiz, mehnatsevarlik, fidoyilik va izlanuvchanlik sari  ruhlantirayotir.

Soha fidoyilari e’tirof etganidek, matbuot, shubhasiz, davr oynasidir. Yillar, asrlar o’tar. Ammo gazeta taxlamlari, elektron xotiralarda zamon nafasi, tarixi qoladi. Bundan bir asr muqaddam yurtimiz gazetachilik tarixida dastlabki nashrlari olam yuzini ko’rgan gazetalar bugun “Farg`ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” nomi bilan o’zining yuz yillik salobatini kashf etib turibdi.

Farg`ona shahridagi “Farmuz” majmuasida viloyat hokimligining bosh nashrlari  “Farg`ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalarining chiqa boshlaganiga yuz yil to’lishi munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbiri viloyatimiz ijodkorlarining qutlug` tantanalari bilan uyg`unlashib ketdi.

Anjumanga faxriy ijodkorlar, yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar hamda asrga tengdosh gazetalar tahririyatlarining xodimlari taklif etildilar.

Viloyat axborot-kutubxona markazi tomonidan majmua foyesida “Farg`ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalari 100 yoshda” nomli ko’rgazma tashkil etildi. Majmua markaziga o’rnatilgan ekranda viloyat teleradiokompaniyasi tomonidan tayyorlangan videoroliklar namoyish qilindi. Ularda otaxon gazetalar tarixining yorqin sahifalari, taniqli ustoz ijodkorlar, faxriy jurnalistlar hayoti,  ijodiy faoliyati, tahririyat jamoalari erishgan  yutuq va muvaffaqiyatlar, shuningdek, Farg`ona matbuotining bugungi qiyofasi aks etdi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shuhrat G`aniev ishtirok etib, ijod ahlini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami va otaxon gazetalarning yuz yillik to’yi bilan samimiy qutladi. Ijodkor mehnatining naqadar mashaqqatli va mas’uliyatli ekani, ommaviy axborot vositalari jamiyat hayotida muhim o’rin tutishi, matbuot fidoyilarining ijodiy ishlari xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini shakllantirishga xizmat qilishini e’tirof etdi.

 Viloyat rahbari O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va O’zbekiston  Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo’limlariga engil avtomobil kalitlarini tantanali ravishda topshirdi.

Farg`ona jurnalistikasi va adabiyotining ilg`or vakillari, “Farg`ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalarining faxriy ijodkorlari, ustozlar va yosh jurnalistlar, tahririyatlar xodimlari viloyat hokimligining “Tashakkurnoma”si, “Faxriy yorliq”i va pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Ijodga, qalam ahliga ko’rsatilgan yuksak ishonch, rag`bat va g`amxo’rlik Vatan manfaati, xalq farovonligi, mustaqillik g`oyalariga sadoqat yo’lida sharafli vazifalarni ado etayotgan ijodkor-jurnalistlarga qaratilgan   alohida e’tiborning amaliy ifodasi bo’ldi. E’tirof va rag`batdan minnatdor yuraklarning aks-sadosi, dil so’zlari tillarga ko’chdi.

– Farg`ona matbuotining ko’zgusiga aylangan,  bir asrki bag`rida ijod bulog`i qaynab, qanchadan-qancha ulug` insonlarga ustozlik qilgan otaxon gazetalar – “Farg`ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalari bugun o’zining qutlug` to’yini viloyat hokimligi boshchiligida tantana qilayotgani barchani, ayniqsa, biz kabi faxriy jurnalistlarni g`oyat to’lqinlantirib yubordi , – deydi O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan jurnalist Doniyor Ergashev. – Uzoq yillar matbuot bilan hamnafas yashadik, gazetachilik tarixidagi qiyinchiliklarni, sinovlarni va muvaffaqiyatlarni ham ko’rdik. Ayni daqiqalarda Farg`ona jurnalistikasini rivojlantirish, ijodkorlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor va shunga javoban soha fidoyilari, qalbi qaynoq yosh jurnalistlarning safi kengayib borayotganidan  har qancha quvonsak arziydi.

Tantanada so’z olgan O’zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi  viloyat bo’limi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Enaxon Siddiqova, O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo’limi raisi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidov, “Tohir-Bag`dod” televideniesi rahbari Tohirjon Hamroqulov, so’xlik ijodkor Ali Muhammadxon Po’lodiy, “Quva hayoti” gazetasi bosh muharriri, shoira Zuxro Alievalar qutlug` tantana bilan ijodkorlarni qutlab, o’zining yuz yillik bo’y-basti, milliy matbuotimiz rivojiga qo’shayotgan munosib hissasi, o’ziga xos mahorat maktabi bilan obro’ qozonib kelayotgan  “Farg`ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalarining sharafli faoliyatiga zafarlar tilashdi.

-Respublikamizda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev boshchiligida matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga alohida ishonch bildirilayotgani, ularning mashaqqatli  mehnati, ta’sirchan so’zi  va ijodiy mahoratiga yuksak baho berilayotgani barcha farg`onalik jurnalistlarni yanada uyg`oq va shijoatkor bo’lishga, hamisha el-yurt manfaatini o’ylab yashashga undashi shubhasiz, – deydi O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Saydali Odilov. – Bugungiday ezgu tadbirlar jurnalist degan olijanob kasb egalari, mahoratli yozuvchi va shoirlarni doimo hayotning qaynoq nuqtalariga, tom ma’noda xalq qalbiga kirib borishga ruhlantiradi. “Farg`ona haqiqati” gazetasi tahririyatining 2012 yilda “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovining Bosh mukofotini qo’lga kiritgani, ayniqsa, mamlakatimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida tahririyat bo’lim mudiri Ma’mura Abdurahimovaning “Do’stlik” ordeni bilan taqdirlangani gazeta tarixiga zarhal harflar bilan bitildi. Qolaversa, bugun qutlug` dargohdan etishib chiqqan ustozlariga cheksiz hurmat va havas hissi bilan mehnat qilayotgan yosh ijodkorlarning izlanuvchanligi ham e’tirofga loyiq.

Bayram tadbirini tashkillash va har tomonlama yodda qolarli tarzda o’tkazish ishlariga bosh-qosh bo’lgan viloyat hokimligiga tantana ishtirokchilarining chuqur minnatdorchiligi etkazildi.

Respublikamiz va viloyatimizning taniqli xonandalari, yosh ijrochilar tomonidan taqdim etilgan musiqiy dasturlar kechaga alohida fayz va ko’tarinkilik bag`ishladi. Botir Qodirov, Otabek Muhammadzohid, Sherali Rahmonov, Izzatbek Qo’qonov, Muharram Murodova, Sarvinoz Kamolova, Sayyoda Nortojievalarning dilbar kuy-qo’shiqlari, “Navo” ansambli, “Sevinch” raqs dastasining chiqishlari bayram ishtirokchilarini jo’shqin raqslarga chorladi.

Bir asrki so’zi tirik, bir asrki qalami uyg`oq ijodxonaning nuri mudom el ko’ngli, gazetxonlar qalbini  ma’naviyat va ma’rifat, ezgulik va yaxshilik yolqini bilan bezashiga ishonch bildirildi. Asrga tengdosh gazetalarga xalq minbari, degan yuksak nomga munosiblik, yana ko’plab matbuot fidoyilarini tarbiyalamoqlik va albatta, yurtimiz, Vatanimiz ishonchi, mehr-u ehtiromidan bahramandlik toleyi nasib etsin!

 

 

Sohiba ABDURAHMONOVA,

Dilnavoz QO’LDOShEVA,

“Farg`ona haqiqati” maxsus muxbirlari.

Suratlarni Sherzod QORABOEV olgan.