Respublika miqyosida ilk bor Farg‘onada "Bunyodkor ayol" milliy forumi tashkil etildi










Respublika miqyosida ilk bor Farg‘onada "Bunyodkor ayol" milliy forumi tashkil etildi Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyida "Bunyodkor ayol" xotin-qizlar milliy forumi tashkil etildi. Viloyat hokimligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan hayotbaxsh g‘oya ostida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, shahar-tuman hokim o‘rinbosarlari, faol ayollar, tadbirkorlar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar vakillari ishtirok etdi. Dastlab mehmonlar shahar va tumanlar xotin-qizlar bo‘limlari tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar bilan tanishdilar. Unda har bir hududning o‘ziga xos jihatlari, ayollar tadbirkorligida erishilayotgan yutuqlar namoyish etildi. Shundan so‘ng Farg‘ona shahrida faoliyat olib borayotgan hunarmand Nargiza Yo‘ldosheva tomonidan o‘zligimiz ramzi bo‘lgan milliy liboslar ko‘rgazmasi ham ishtirokchilar e‘tiboriga havola qilindi va undagi rang-barang liboslar katta qiziqish bilan qarshi olindi. Anjumanda so‘z olganlar tomonidan tadbirda qariyb 30 ta yo‘nalishda ishbilarmon ayollar o‘z shogirdlari bilan qatnashayotgani ma‘lum qilindi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatdagi faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi. - Xotin-qizlar masalasi bugungi kunning eng dolzarb mavzularidan biri. Shu ma‘noda Prezidentimiz tashabbusi bilan “Ayollar daftari” orqali 300 ming nafar viloyatimiz xotin-qizlariga moddiy yordam, subsidiya, imtiyozli kreditlar, uy-joy bilan ta‘minlash kabi turli yo‘nalishlarda ko‘maklar ko‘rsatildi. Ayollar kasb-hunarga, tadbirkorlikka o‘rgatilib, o‘z shaxsiy biznesiga ega bo‘lishdi. Endi esa asosiy maqsad — ish boshlagan ayollarimiz o‘z yonlariga shogirdlar olishlari, bunyodkor ayollar safini kengaytirishi kerak. Tadbirning bosh maqsadi ham aynan shunga qaratilgan, – dedi viloyat hokimi. Tadbir davomida farg‘onalik ayollarning tashabbuskorligi, faolligi, Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga ko‘makdoshligi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlarini yaratayotgani, ishlab chiqargan mahsulotlarini xorijga eksport qilayotgani alohida e‘tirof etildi. Shu o‘rinda farg‘onalik O‘zbekiston Qahramonlari Manzura Madalieva, Patilaxon Ergasheva, Lolaxon Murotova hamda O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqovaning nomlari ham faxr bilan tilga olindi va ular faoliyati Respublikaga ibrat ekanligi ta‘kidlandi. Bosh vazir o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami bilan ishtirokchilarni tabriklab, “Bunyodkor ayollar bugungi kun qahramonlaridir”, deya e‘tirof etdi. Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kichik tadbirkorlarni o‘rta tadbirkorlar safiga olib chiqish, o‘rta tadbirkorlarni yirik tadbirkorlar qatorida bo‘lishlariga ko‘maklashish jarayonlari, buning uchun Prezidentimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Tadbir davomida “Farg‘ona anorchilik” MChJ rahbari Mastura Sayfiddinova, naqqosh Qudratxon Teshaboeva, shuningdek, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda bo‘lgan, ayni kunda esa shart-sharoitlardan samarali foydalanib, tadbirkorlik ishlarini kengaytirib borayotgan xotin-qizlar bosib o‘tgan yo‘llari, qiyinchiliklari, erishgan yutuqlari haqida ma‘lumot berdilar. Milliy forum davomida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida tashkil etilgan “Etakchi ayollar klubi” a‘zolariga qo‘mita raisining ishonch yorliqlari tantanali topshirildi. Iqtisodiy mustaqillikka erishgan tadbirkor ayollar hududlardagi xotin - qizlar bo‘limlari bilan hamkorlikda ehtiyojmand xotin – qizlarga yaqindan yordam berishlari zarurligi yana bir bor qayd etildi. San‘atkorlar, yosh iqtidorlar ishtirokidagi konsert dasturi yig‘ilganlarga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz




Farg‘onada Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi