O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Farg‘ona viloyati Kengashining IX konferensiyasi bo‘lib o‘tdi










O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Farg‘ona viloyati Kengashining IX konferensiyasi bo‘lib o‘tdi Tashkilotning o‘tgan besh yildagi faoliyati sarhisob qilingan anjumanda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisining o‘rinbosari Abdug‘affor Salihov, kasaba uyushmalari faxriylari, delegatlar ishtirok etdi. Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi yig‘ilganlarni konferensiya ishi bilan qutladi. Kasaba uyushmalari viloyat Kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar alohida e‘tirof etildi. - Jamiyat hayotida kasaba uyushmalarining o‘rni va roli ortib bormoqda. Ishchi va xizmatchilar manfaatlari munosib himoya qilib kelinmoqda. Kasaba uyushmalari yurtimizdagi islohotlarni amalga oshirishda Prezidentimizga yaqin ko‘makchiga aylangan. Tizimda amalga oshirilayotgan ezgu va salmoqli ishlar misolida “Inson qadri uchun” tamoyili ustuvorligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda, - dedi viloyat hokimi. Tadbirda Kengashning nafaqat besh yillik faoliyati sarhisobi, balki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi ham keng nishonlanayotgani alohida ta‘kidlandi. Shuningdek, o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuralievning hisoboti tinglandi. Ayni paytda, viloyat kasaba uyushmalari o‘z safida qariyb 700 ming nafardan ziyod a‘zolarni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta‘minlashda yaqindan yordam berib kelmoqda. Viloyatda so‘nggi uch yilda Kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan 2 ta zamonaviy “So‘x” va “Bilimdon” oromgohlari qurildi. Ushbu oromgohlarda har yili mavsumda ming nafardan ziyod bolajonlar maroqli dam olishmoqda. Qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston kasaba uyushmalari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilishi natijasida so‘nggi yillarda qo‘shni mamlakatlardan 50 nafardan yoshlarning viloyatimizdagi oromgohlarda dam olishi an‘ana tusini oldi. Farg‘onada xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma‘naviy qo‘llab-quvvatlash ishlari davom etmoqda. Konferensiya ishida 131 nafar delegat tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi va uning o‘rinbosarlari muqobil tarzda yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylandi. Konferensiyaning saylov natijalariga muvofiq, Kasaba uyushmalari Federasiyasi viloyat Kengashi raisligiga Erkinjon Nuraliev, rais o‘rinbosarlari lavozimiga esa Lolaxon Ahmedova va Abror Otaboevlar saylandi. Yakunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Qurultoyida ishtirok etuvchi delegatlar nomi ham aniqlab olindi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz



Farg‘onadagi og‘ir hudud toifasidagi mahallalar obod go‘shalarga aylanmoqda
