Farg‘onada Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan "Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq davlatimizning yuksak mukofoti - orden va medallari bilan taqdirlanganlar orasida farg‘onalik tibbiyot xodimlari ham bor.
Viloyat hokimligida mazkur mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat sektorlari rahbarlari, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritib, xalqimizning salomatligini mustahkamlashda fidoyi shifokorlar hamda tibbiyot xodimlarining xizmati beqiyosligini qayd etdi. Davlatimiz tomonidan soha xodimlarining mehnati qadrlanayotgani ham ularning sharafli va mas‘uliyatli faoliyatiga bo‘lgan yuksak e‘tibor ekanligi tak‘kidlandi.
Tadbirda mazkur davlat mukofotlari egalariga tantanali topshirildi. Shuningdek, bir guruh tibbiyot xodimlariga “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a‘lochisi”, “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishonlari topshirilib, kasb bayrami bilan qutlandi.
Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar kamtarona xizmatlari qadrlanib, davlat mukofotiga munosib ko‘rilgani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Farg‘ona shahrida Tibbiyot xodimlari kuniga bag‘ishlangan viloyat bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatimizdagi sog‘liqni saqlash muassasalarida samarali mehnat qilayotgan shifokorlar, tibbiyot xodimlari va faxriylari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, barcha tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi. Bugungi kunda viloyatimizdagi sog‘liqni saqlash sohasida 77 mingdan ziyod kishi mehnat qilib, xalqimiz salomatligini saqlash, ularni tizimdan rozi qilish uchun o‘z hissalarini qo‘shayotganligi e‘tirof etildi.
Sohadagi islohotlar natijasida eng chekka hududlarda ham tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanayotgani, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy madaniyatni oshirish, aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasini uzaytirish bo‘yicha sezilarli natijalar qo‘lga kiritilgani qayd etildi. Shu bilan birgalikda malakali shifokorlar o‘z ustida doimiy izlanishi, bilimini boyitib borishi, xalqaro ilg‘or tajribalarni o‘rganish kerakligi bildirildi.
Sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh tibbiyot xodimlari viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i hamda qimmmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Viloyat san‘at ustalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!