“Azimobod” mahalla fuqarolar yig‘ini viloyatimizdagi obod va namunali mahallaga aylandi
“Azimobod” mahalla fuqarolar yig‘ini nafaqat Oltiariq tumani, balki viloyatimizdagi obod va namunali mahallaga aylandi. Bu erda aholining hamjihatligi bilan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, hudud yanada chiroy ochdi. Bugun mahallada bir qator yangi inshootlar foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirlar mahalla ahlining katta shodiyonasi sifatida nishonlandi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari, mahalla ahli, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab yangi ta‘mirlangan mahalla binosi ko‘zdan kechirilib, mahalla ettiligiga yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. Shuningdek, tadbir doirasida 18 nafar oila farzandlariga hatna to‘yi ham o‘tkazildi.
Azimobod mahallasi Oltiariq tumanining yirik aholi punktlaridan biri hisoblanadi. 6 ming nafar aholi istiqomat qilayotgan hududda paxta, g‘alla, bog‘dorchilik va chorvachilik yo‘nalishlarida ko‘plab fermer xo‘jaliklari hamda yuzga yaqin savdo-maishiy xizmat va boshqa tadbirkorlik sub‘ektlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tuman prokurori, 2-sektor rahbari Rustamjon Tillaevning tashabbusi bilan 22-maktabgacha ta‘lim tashkilotida hashar yo‘li bilan qo‘shimcha 320 o‘rinli bino barpo etildi. 7 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga bunyod etilgan mazkur muassasada qamrov yanada oshdi, mahalla ahli uchun qo‘shimcha 30 ga yaqin yangi ish o‘rinlari ham tashkil etildi.
Mazkur yangi binoning ochilish marosimida ishtirok etgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ezgu ishga hissa qo‘shgan insonlarga minnatdorlik bildirdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan asosiy maqsad aholini hayotdan rozi qilish ekanligi, mahalladagi hamjihatlik, birdamlik muhimligini ta‘kidlab, Azimoboddagi ezgu ishlarni e‘tirof etdi. Mahalla ahlining maktabga qo‘shimcha 300 o‘rinli bino qurish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, viloyat hokimligi bunga hissasini qo‘shishligini aytib o‘tdi.
Tadbirda yangi bino qurilishiga hissa qo‘shgan tadbirkorlar, mahalla faollari sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Ramziy lenta qirqilgach, tadbir ishtirokchilari yangi maktabgacha ta‘lim tashkilotining binosidagi sharoitlar bilan tanishdilar.
Azimobod MFYda ko‘plab obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Tashabbusli byudjetning ikkinchi mavsumida 2,7 km ichki yo‘llarni asfalьtlashtirish loyihasi eng ko‘p ovoz olib, g‘olib bo‘ldi. Mahalla aholisining uyushqoqligi va homiylik asosida 3 ta ko‘cha qo‘shimcha asfalьt qilindi, 16 ta kichik ko‘priklar yangi qurildi, yaroqsiz 50 ta tayanch ustunlar yangisiga almashtirildi. Ko‘chalar ko‘rkam qiyofaga keltirildi. Shuningdek, hududda kavrak o‘simligini etishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mahalladagi shodiyonada Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi harbiy xizmatchilarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Mahalla polvonlari esa kuch sinashdi, dorbozlarning chiqishlari esa barchaga manzur bo‘ldi.
Taniqli san‘atkorlarning kuy-qo‘shiqlari tadbirga yanada fayz bag‘ishladi. Bir piyola choy ustida davom etgan tadbirda yoshi ulug‘ nuroniylar, mahalla ahli shunday dorilomon kunlar uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor etdilar.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz
Farg‘ona shahrida Farg‘ona-Yaponiya ikkinchi biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Farg‘onada Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligi keng nishonlanmoqda
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xitoylik investorlar bilan uchrashdi