Yangi tayinlangan rektor jamoaga tanishtirildi





Farg‘ona davlat texnika universitetida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan rektor lavozimiga tayinlangan texnika fanlari doktori, professor O‘ktam Rahimovich Salomov jamoaga tanishtirildi. Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, viloyatimizdagi oliy ta‘lim muassasalari rektorlari, tegishli boshqarmalar rahbarlari, universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta‘lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar ilm-fan yutuqlaridan oqilona foydalanib, kadrlar tayyorlash sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilayotganini ta‘kidladi. Prezidentimizning 2025 yil 24 yanvardagi qarori bilan Farg‘ona politexnika instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali negizida Farg‘ona davlat texnika universiteti tashkil etilgani katta imkoniyatlar eshiklarini ochganligi qayd etilib, ilm-fan rivoji va malakali mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy salohiyatni oshirish kabilarga yanada muhim e‘tibor qaratish, xorijning nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni kuchaytirish lozimligini bildirdi. Dunyoning “TOP-1000” talik OTMlar reytingiga kirish uchun harakat qilish, marralarni baland olish va zamonaviy ilmni rivojlantirishda yangi maqomga ega bo‘lgan universitet etakchi bo‘lishi kerakligi aytib o‘tildi. Yangi tayinlangan rektorga bu kabi ishlarda omad va muvaffaqiyat tiladi. Universitet olimlari ham so‘zga chiqib, bugungi kunda oliy ta‘lim tizimidagi islohotlar xususida so‘z yuritib, bu jarayonda Farg‘ona davlat texnika universitetida ham ko‘plab ijobiy ishlar qilinayotganligi bildirildi. O‘ktam Salomov 2021 yildan buyon Farg‘ona politexnika instituti rektori vazifasida ishlab kelayotgan edi. U 1977 yil Buxoro viloyati, Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Ma‘lumoti oliy, 1999 yil Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Ma‘lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – fizik, texnika fanlari doktori. Andijon mashinasozlik instituti, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirining birinchi o‘rinbosari vazifalarida ishlagan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Farg‘ona mahsulotlari Quvayt va Ummonga eksport qilinadi


Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi