Farg‘ona shahrida Farg‘ona-Yaponiya ikkinchi biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Farg‘ona shahrida yaponiyalik ishbilarmonlar hamda viloyatimiz tadbirkorlari ishtirokida Farg‘ona-Yaponiya ikkinchi biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda Yaponiyadan 10 dan ortiq yirik kompaniya vakillari shaxsan ishtirok etgan bo‘lsa, 30 dan ortiq kompaniya rahbarlari esa kunchiqar mamlakatdan onlayn qatnashishdi.
Forumni viloyat hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov ochib berdi.
Forumning asosiy maqsadi iqtisodiy-ijtimoiy sohalardagi o‘zgarishlar bilan tadbirkorlarni tanishtirish, ularni yangi investisiya loyihalariga jalb qilish, O‘zbekiston-Yaponiya o‘rtasidagi savdo aloqalarini yanada jadallashtirishdan iborat ekanligi ta‘kidlandi. Yaponiyada va Farg‘onada o‘tkazilgan ko‘plab muzokaralar va biznes-forumlar yapon investorlarining viloyatimizga bo‘lgan qiziqishini keskin orttirgani qayd etildi.
O‘tgan yilgi forum natijasida yaponiyalik ishbilarmonlar tomonidan viloyatimiz hududida 8 ta loyihalar shakllantirilib, amalga oshirishga kirishilayotganligi, bugungi forumda aynan shu loyihalar arxitekturlari va quruvchilari shaxsan ishtirok etayotganligi ma‘lum qilindi. Bugungi forum loyihalarni bir necha karraga oshirishga yordam berishiga, yapon hamkorlarni yangi loyihalarga jalb qilish orqali yurtimizda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, ishlab chiqarish hajmlarini kengayishiga xizmat qilishi ta‘kidlandi.
Farg‘ona viloyati Yaponiya investorlari hamda kompaniyalari uchun ham jozibador hududga aylanib borayotganini hamkorlikda amalga oshirilayotgan investision loyihalar misolida ko‘rish mumkinligini qayd etgan Nuriddin Mamajonov, ushbu forum doirasida erishiladigan kelishuvlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Farg‘ona viloyatida o‘z investision loyihalarini amalga oshirayotgan yaponiyalik ishbilarmon Okuda Takefumi Farg‘ona shahridagi Ekoshahar hududida 3 gektar maydonda barpo etishga kirishilayotgan, qiymati 15 mln. dollarlik “Shogun city” yapon bog‘i, mehmonxona, restoranlar majmuasi loyihasining borishi haqida ma‘lumot berdi. Shuningdek, boshqa yapon investorlari ham yangi loyihalari bilan tanishtirib o‘tdilar.
Farg‘ona viloyatining investisiyaviy, savdo-iqtisodiy salohiyati, viloyatda investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar to‘g‘risida forum ishtirokchilari uchun taqdimot o‘tkazildi.
Forum doirasida yaponiyalik va viloyatimiz ishbilarmonlari o‘rtasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlarda hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama qilindi.
Shuningdek, mehmonlar “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasidagi loyihalar, Farg‘ona shahridagi ekoshahar bilan tanishdilar, Rishton tumanidagi kulolchilik markazida bo‘ldi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz
Farg‘onada Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligi keng nishonlanmoqda
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xitoylik investorlar bilan uchrashdi