Chegara oldi hududlar rahbarlarining navbatdagi mintaqaviy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Tojikiston Respublikasining Guliston shahrida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Tojikistonning So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda va Qirg‘izistonning Botken viloyati gubernatori Abdikarim Alimbayev ishtirokida chegara oldi hududlar rahbarlarining navbatdagi mintaqaviy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda uch chegaradosh viloyatlarning rasmiylari ham ishtirok etdilar.
Dastlab viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda o‘rtasida tor doirada uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot chog‘ida tomonlar do‘stona munosabatlar mustahkamlanib borayotganidan mamnun ekanliklarini bildirdilar. O‘zaro do‘stona munosabatlar mustahkamlanayotganini ikki davlat yetakchilarining oqilona siyosati samarasi sifatida baholadilar. Hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Kengaytirilgan tartibda o‘tkazilgan uch tomonlama uchrashuv davomida hududlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, ziyorat turizmini rivojlantirish, turistik marshrutlarni shakllantirish va yana qator muhim masalalar muhokama qilindi.
So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda mehmonlarni qadimiy So‘g‘dga tashriflari bilan qutlab, bunday uchrashuvlarning o‘tkazilishini do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda muhim va dolzarb ekanligiga to‘xtaldi.
Bunday uch tomonlama uchrashuvlarni o‘tkazish allaqachon an‘anaga aylangani va har yili tashkil etilib, o‘tkazib kelinayotgani tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga jiddiy turtki bo‘layotganligi ta‘kidlandi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari tomonidan hududlararo do‘stlik, iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e‘tiborlari samarasida Farg‘ona viloyatining qo‘shni viloyatlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishda ijobiy natijalarga erishilayotganligini qayd etdi.
Viloyat hokimi o‘zaro, har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida uch viloyatning chegaradosh shahar va tumanlari hududlarida savdo-sanoat yarmarkalari, biznes-forumlar, madaniy va sport tadbirlarini doimiy ravishda o‘tkazishni ta‘minlash, korxonalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yaxlit shakli uchun tomonlarning savdo-sanoat palatalari negizida “Tadbirkorlar kengashi”ni tashkil etish, o‘zaro sayyohlik oqimini ko‘paytirish maqsadida “Botken-So‘g‘d-Farg‘ona” yagona turistik zonasi konsepsiyasini ishlab chiqish, Farg‘ona shahrida Botken-So‘g‘d va Farg‘ona viloyatlari ishbilarmon doiralari ishtirokida qo‘shma investisiya forumini o‘tkazish, hududlar mutaxassislari ishtirokida uchta hududning import nomenklaturasini chuqur tahlil qilish asosida hududlarimizning savdo-iqtisodiy hamkorligini sezilarli darajada kengaytirish, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va talabalari, kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish bo‘yicha tajriba va axborot almashish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish kabi takliflarni ilgari surdi.
Uchta viloyat hududlarida madaniyat kunlarini o‘tkazish bo‘yicha ham fikrlar bildirildi.
Uchrashuv yakunida uch tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish uchun “yo‘l xaritasi” imzolandi. Ushbu muhim hujjat tomonlarning do‘stona munosabatlari va integratsiyasini yanada rivojlantirish, munosabatlarni yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!