Farg‘onada birinchi xalqaro kitobxonlik festivali boshlandi










Farg‘ona viloyati yana bir nufuzli anjumanga mezbonlik qilmoqda. Bugun Farg‘ona shahridagi Kashtanzor ko‘chasida birinchi xalqaro kitobxonlik festivalining tantanali ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjaev, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboeva, shuningdek, 12 ta davlatdan kelgan mehmonlar, ziyolilar, kitobsevarlar, keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbirda “Yuksaklik sari tasodif bo‘lmagan 100 ta uchrashuv” asari orqali kitobxonlarga yaxshi tanish bo‘lgan Otabek Mahkamov ham qatnashdi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan xalqimizni kitobxon millatga aylantirish borasida keng qamrovli ezgu sa‘y-harakatlar olib borilayotgani, kitob – insoniyat tomonidan yaratilgan eng katta mo‘‘jizalardan biri ekanligi, insonni ongi shakllanishida, sayqallanishida uning o‘rni muhimligini ta‘kidladi. Kitoblar insonni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, insonni haqiqiy hayotning asl ma‘no-mazmunini anglatishi va hayot yo‘lini charog‘on etishligi qayd etildi. Farg‘onada ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro kitob festivalini har yili an‘anaga aylantirish, uning nufuzini ham yildan yilga ko‘tarish maqsad qilingani ta‘kidlandi. Evropa va Sharq davlatlarida o‘tkazilgan eng yaxshi kitob yarmarkalari, kitob festivallari haqida to‘xtalgan viloyat hokimi, mazkur festivalь ham dunyoning nufuzli festivallaridan biriga aylanishi, yurtimizda amalga oshirilayotgan ma‘rifat va ma‘naviyat harakatining yangi bir timsoli, yangi bezagi bo‘lishiga ishonch bildirdi. Barcha kitobsevarlarni festivalda faol ishtirok etishga chorladi. Tadbirda so‘zga chiqqan Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjaev, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboeva, Otabek Mahkamovlar ham mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish borasidagi ishlar xususida so‘z yuritib, Farg‘onada boshlangan tashabbusni e‘tirof etishdi. Tantanali marosim Kashtanzor ko‘chasida o‘rnatilgan kitob monumenti ochilishi bilan davom etdi. Bu farg‘onaliklarning kitobga, ma‘rifatga ehtiromining ramzi bo‘ldi. Festivalь doirasida respublikaning etakchi nashriyotlari, viloyatimizdagi shahar va tuman hokimliklari tomonidan kitob yarmarkalari va ko‘rgazmalari tashkil etildi. Mehmonlar mazkur ko‘rgazmalar bilan tanishdilar, kitobxonlik targ‘ibotiga yuqori baho berdilar. Mehmonlarda milliy urf-odatlar va hunarmandchilik buyumlari namoyishlari, milliy madaniy markazlar ko‘rgazmalari ham katta taassurot qoldirdi. Festivalь doirasida viktorinalar va turli tanlovlar tashkil etilmoqda. Xalqaro festivalning ochilish marosimida viloyatimiz san‘atkorlarining bayram dasturi namoyish etildi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz



“Ibratli oila” ko‘krak nishonlari o‘z egalariga tantanali topshirildi

Farg‘onada kitob do‘konlari yana bittaga ko‘paydi