Farg‘onada “Telecontact” kompaniyasi filiali faoliyat boshladi










Autsorsing (BPO) yo‘nalishida eksport xizmatlarini amalga oshirishga ixtisoslashgan Rossiya Federasiyasining yirik kompaniyalaridan biri — “Telecontact” kompaniyasi Farg‘ona shahrida o‘z filiali faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. 4,3 milliard so‘mdan ortiq xorijiy investisiya mablag‘lari jalb etilib, loyihaning birinchi bosqichida 50 nafardan ziyod yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov mazkur filialda bo‘lib, investision loyiha bilan yaqindan tanishdilar. Bugungi kunda viloyatimizda IT sohasini rivojlantirishga muhim e‘tibor qaratilayotgan bo‘lib, IT park rezidentlar soni 110 ta etdi. Shundan 30 tasi eksportyor rezidentlardir. Taqdim etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari tufayli rezidentlar yangi ish o‘rinlarini yaratib, mutaxassislar sonini ko‘paytirishmoqda. Xususan, mazkur kompaniya ham mazkur imkoniyatlardan foydalanmoqda. Kompaniya tomonidan BPO eksport xizmatlari 15 dan ortiq mamlakatga, jumladan, Koreya, Xitoy, AQSh, Turkiya, Rossiya, Latviya va Qozog‘iston kabi davlatlarga amalga oshirilib kelinmoqda. Loyiha doirasida 2025 yil yakuniga qadar 1 million dollar miqdorida IT xizmatlari eksportini amalga oshirish hamda xodimlar sonini 250 nafarga etkazish rejalashtirilgan. Viloyat rahbari bu erdagi ish jarayoni, yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, kompaniya faoliyatini yanada rivojlantirish, yoshlarni kengroq jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, viloyat hokimi Dubay ko‘chmas mulk bozorida ish olib borayotgan “Imza” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. Hozirda jamoa tarkibida 20 ga yaqin IT mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Ular asosan, Farg‘ona viloyatidagi oliy ta‘lim muassasalarining talabalari va bitiruvchilaridan iborat. Kompaniyaning asosiy maqsadi Dubaydagi ko‘chmas mulk bozorida faoliyatni kengaytirishga qaratilgan. Faoliyati doirasida uy-joy savdo shartnomalarini rasmiylashtirish bilan bir qatorda qo‘shimcha uylar uchun dizayn yaratish xizmatlari ham amalga oshirilmoqda. Albatta, Farg‘onada bunday kompaniyalar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi yoshlar uchun masofadan turib ishlash va daromad topish imkoniyatlarini yaratadi, valyuta kirimini oshiradi va dunyo bozorida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib, viloyat rahbari kompaniya mas‘ullariga faoliyatni yanada rivojlantirish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz


IT sohasida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda



“Ibratli oila” ko‘krak nishonlari o‘z egalariga tantanali topshirildi