Prezident topshirig‘i amalda: Furqat tumanida hunarmandchilikka ixtisoslashtirilgan maktab-internati foydalanishga topshirildi










Shu munosabat bilan tumandagi Qo‘qonboy mahallasida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat va tuman faollari, hunarmandlar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Tadbir avvalida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar namunalari, tasviriy san‘at ko‘rgazmalari ko‘zdan kechirildi. Iqtidorli yoshlar chiqishlari tomosha qilinib, yosh sportchilar bilan suhbatlashildi. Nuroniylar ishtirokida yurtga tinchlik, yoshlarga kamol tilab duolar qilindi. Yog‘och o‘ymakorligi, mebelsozlik, zardo‘zlik va naqqoshlik kabi milliy hunarmandchilik turlariga ixtisoslashgan 240 o‘rinli zamonaviy maktab-internatining foydalanishga topshirilishi, ayniqsa, furqatliklar uchun katta tantanaga aylanib ketdi. O‘quvchilar uchun maktab hududida sport zal, 64 o‘rinli oshxona, 126 o‘rinli faollar zali, 60 o‘rinli yotoqxona qurilgan bo‘lib, buning uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan jami 9,2 mlrd so‘m mablag‘ sarflanib, qurilish va jihozlash ishlari bajarildi. Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov barcha sohalar kabi milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning amaliy natijasi xususida so‘z yuritdi. Prezidentimiz 2022 yilda viloyatimizga tashrifi chog‘ida “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida bo‘lib, uning faoliyati bilan tanishgani, bu erda naqqoshlik, yog‘ochsozlik san‘atini yanada rivojlantirish, kelajak avlodga qoldirish, bu sohada faoliyat olib boruvchi yoshlarning sonini ko‘paytirish, eng muhimi bu ishlarga ilm bilan yondoshish maqsadida maktab tashkil etish bo‘yicha bergan topshiriqlariga ko‘ra, maktab-internatining foydalanishga topshirilayotganligi ta‘kidlandi. “Har bir ishda ilm kerak. Ilm bo‘lmasa, u soha rivojlanmaydi, taraqqiy etmaydi, vaqtinchalik bo‘ladi, sekin yo‘qolib ketishiga to‘g‘ri keladi. Ilm bo‘lsa, unga sayqal bo‘ladi. Sayqal berilgandan keyin yana rivoj topaveradi. Ertaga birinchidan bu an‘analar saqlab qolinadi, ikkinchidan daromad manbai bo‘ladi. Yoshlarga kasb-hunar, ish o‘rni bo‘ladi. Mana shunday ezgu niyatlarni ko‘zlab bu maktab bunyod qilindi”, - dedi viloyat hokimi. Shuningdek, o‘z so‘zida viloyat rahbari Koreya va Xitoy davlatlari misolida milliy an‘ana va qadriyatlarni asrash, unga ilm bilan yondoshish bugungi kunda juda ham dolzarb ahamiyat kasb etayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi. Yurtimizda davom etayotgan “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasidagi tadbirlarni tashkillashda, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishda, shu bilan birga ularga kasb-hunar o‘rgatish va iqtidorlarini rivojlantirishda ham ushbu maktabning ochilishi muhim o‘ringa ega ekanligi qayd etildi. O‘zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusovning yutuqlari, mehnatlari e‘tirof etilib, maktab-internati faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishda doimo ko‘makchi bo‘lishi, uning yordamiga tayanilishi aytib o‘tildi. Bu ta‘lim maskanidan ko‘plab usta-hunarmandlar etishib chiqishiga, ular tomonidan tayyorlangan mahsulotlar xorij bozorlariga ham eksport qilinib, dunyo jamoatchiligi e‘tiborini tortishiga ishonch bildirildi. Maktab bunyod etilishida milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashtirilgani, bu o‘ziga xos arxitekturaviy echim topgani qayd etilib, milliylikni asrab-avaylash uchun viloyatimizdagi binolar qurilishida ayni jihatlarga ham e‘tibor qaratish maqsadga muvofiq bo‘lishi aytildi. Ramziy tasma qirqilib, tadbir ishtirokchilari maktabda yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan tanishdilar. Sohaga qaratilayotgan e‘tibor uchun hunarmandlar davlatimiz rahbaridan minnatdor ekanliklarini mamnuniyat bilan e‘tirof etishdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!