Furqat tumanida fermerlar ishtirokida g‘alla o‘rimi mavsumi va g‘o‘za parvarishiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi







Mazkur yig‘ilishda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov, viloyat IIB boshlig‘i Azizbek Ikramov, tuman hokimligi mas‘ullari, fermerlar ishtirok etdi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bugungi kunda agrar sohaga ilm-fan yutuqlari va innovasiyalarni joriy etish katta samara berayotganligini ta‘kidlab, paxta va g‘alla hosildorligini oshirishda ilg‘or tajribalarni tatbiq etish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini qo‘llash zarurligiga e‘tibor qaratdi. "Qishloq xo‘jaligida endi faqat foyda uchun ishlaydigan davr keldi. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xorij, xususan, Xitoy tajribasidan foydalanish, ish uslubini yangilash vaqti keldi. G‘alladan 100 sentnergacha hosil olish imkoniyati mavjud. Buning uchun ilmiy yondashuv va xorijiy tajribalarni amaliyotga samarali tatbiq qilish zarur, – dedi viloyat hokimi. Shuningdek, paxta ekishda plyonka usulini kengaytirish, dala atrofini izolyasiya qilish orqali ekinlarni himoyalash, g‘o‘za rivojiga qarab agrotexnik tadbirlarni va o‘g‘itlash ishlarini amalga oshirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Oldinda turgan chora-tadbirlar kelishib olindi. Ma‘lumot o‘rnida, tumanda 6 ming 400 gektar g‘alla maydoni mavjud bo‘lib, mavsum uchun 24 ta o‘rim otryadi tashkil etilgan. G‘o‘za maydoni esa 4 ming 900 gektar maydonni egallagan bo‘lib, 3 ming 780 gektardan ortig‘ida Xitoy navi parvarish qilinmoqda.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!