Farg‘ona va Shanlo shahri o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda






Farg‘ona va Shanlo shahri o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Shanlo shahri Xitoy Kommunistik partiyasi shahar qo‘mitasi raisi Chjao Szin boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Viloyat hokimi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanayotganini ta‘kidlar ekan, hududlararo hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotganini qayd etdi. O‘zaro tashriflar, investisiyaviy va sanoat loyihalari orqali hamkorlik yangi mazmun kasb etib, ulkan imkoniyatlar eshigini ochayotganini ta‘kidladi. - Farg‘onaga ham ko‘plab xitoylik tadbirkorlar kelmoqda. Ularning faoliyat boshlashlari uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Har bir investorga biz ko‘makdoshmiz, - dedi viloyat hokimi. Shenьsi provinsiyasi Shanlo shahri Xitoy Kommunistik partiyasi shahar qo‘mitasi raisi Chjao Szin ko‘plab investorlar O‘zbekistonga investisiya kiritishga qiziqish bildirayotgani, bugungi kunda buning uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganini alohida e‘tirof etdi. Ko‘plab yo‘nalishlarda shanlolik ishbilarmonlar investisiya loyihalarini amalga oshirishi mumkinligini bildirib o‘tdi. Viloyat hokimi o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirishga, investorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga va hamkorlikka tayyor ekanligini ma‘lum qildi. Uchrashuvda Farg‘ona shahri va Shanlo shahri o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik memorandumi imzolandi. Yakunda o‘zaro ishonch va manfaatli aloqalarni rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlar kelishib olindi. Uchrashuvda viloyat hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov va Farg‘ona shahar hokimi Vosiljon Nazarov ishtirok etdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!