“Eco city”amfiteatrida Koreya xalqaro universiteti bitiruvchilariga diplom topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi








Farg‘ona shahridagi “Eco city” amfiteatrida Koreya xalqaro universiteti bitiruvchilariga (KIUF) diplom topshirish va 3+1 qo‘shma dasturi bo‘yicha talabalarni Janubiy Koreyaga kuzatish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, bitiruvchilar va ularning ota-onalari hamda mehmonlar ishtirok etdilar. Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzodjon Polvonov, Koreya xalqaro universiteti rektori Park Jun Xo so‘z olib, bitiruvchilarni samimiy tabriklashdi. Yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda kelgusida zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, katta-katta firma va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlarda mehnat qilib, o‘z bilim va malakalari bilan mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shishlariga tilak bildirildi. Ta‘lim dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan 473 nafar bitiruvchiga diplomlar topshirildi. 29 nafar talabalar esa Janubiy Koreyaga tahsil olish uchun yuborildi. Bitiruvchilar uchun diplomlarni topshirish marosimi unutilmas va hayajonli lahzalarga boy bo‘ldi. Tadbir yakunida estradamizning yorqin vakili Shohruxxon ijrosida tashkil etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga yanada ko‘tarinkilik ulashdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!