Farg‘onada "Kopa Junior" bolalar futbol maktabi o‘z ishini boshladi










Farg‘onada "Kopa Junior" bolalar futbol maktabi o‘z ishini boshladi Viloyatimizda millionlar o‘yini sanalgan futbol rivojiga, iqtidorli yoshlarni tarbiyalashga alohida e‘tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda tajribali murabbiylar hamda faxriy sport ustalarining jalb etilayotgani muhim ahamiyat kasb etadi. Farg‘ona shahrida "Timur Kapadze Kopa Junior" bolalar futbol maktabining ochilishi mustaqilligimizning 34 yillik bayrami oldidan o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi. Tantanali marosimda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, sportchilar, murabbiylar, faxriylar, yoshlar va futbol muxlislari hamda Tohir Kapadze boshchiligida 70 yoshdan oshgan faxriylar o‘rtasida tuzilgan futbol jamoasi a‘zolari ishtirok etdi. Viloyat rahbari o‘z so‘zida maktab ochilishida tashabbus va faollik ko‘rsatgan futbol faxriysi Tohir Kapadze hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadzega minnatdorchilik bildirib, ularning kelgusi faoliyatlariga omad va zafarlar tiladi. Prezidentimizning futbolni rivojlantirishga qaratayotgan yuksak e‘tibori alohida ta‘kidlanib, ayniqsa, milliy terma jamoamizning jahon chempionatiga yo‘llanma olgani yurtimiz sportidagi tarixiy yutuq sifatida e‘tirof etildi. Bu jarayonda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadzening ham o‘rni katta ekani ta‘kidlandi. — Yildan-yilga yurtimizda sportga, xususan, futbolga katta e‘tibor qaratilmoqda. Eng asosiysi, uni rivojlantirish uchun tizim yaratilmoqda. O‘zbek futbolini dunyo tan olmoqda. Yoshlarimiz jahondagi etakchi klublarda to‘p surmoqda. Endi biz ham dunyo tajribasidan foydalanishimiz zarur. Yangi futbol maktabining foydalanishga topshirilishi ayni shunday ezgu maqsadga xizmat qiladi. Maktab nomining o‘zi brendga aylanadi. Futbol faxriysi Tohir Kapadze va Timur Kapadzening sa‘y-harakatlari bu dargohning nufuzini yanada oshiradi. Ushbu maktab nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida ham katta yulduzlarni, iqtidorlarni kamolga etkazadi deya umid qilamiz, — dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov. Tadbirda Farg‘ona shahrida 3 gektar er ajratilayotganligi, bir yil ichida "Kopa Junior" futbol akademiyasi uchun bino qurilib, foydalanishga topshirilishi ma‘lum qilindi. Shuningdek, futbol faxriysi Tohir Kapadze va O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun mamnun ekanliklarini aytib o‘tdilar. Tadbir davomida yosh futbolchilarga maxsus sport kiyimlari va to‘plar topshirildi. Kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning maydonda namoyish etgan mahoratlari esa barchada katta taassurot qoldirdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz



Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bir guruh xitoylik investorlarni qabul qildi

Ilm va zamonaviy texnologiyalar agrar sohada muhim samara bermoqda