Mustaqillik bayrami arafasida yangi chegara qo‘riqlash bo‘linmasining ma‘muriy binosi va harbiylar uchun turar-joylar foydalanishga topshirildi










Yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism askar va ofiserlari uchun qo‘shaloq bayramga aylandi. Bugun yangi chegara qo‘riqlash bo‘linmasida zamonaviy ko‘p qavatli turar-joylar hamda ma‘muriy binolar tantanali tadbir bilan foydalanishga topshirildi. Tadbirda viloyat hokimi, harbiy-ma‘muriy sektor rahbari Xayrullo Bozorov, harbiy xizmatchilar, ularning oila a‘zolari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 32 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ hisobiga barpo etilgan majmuada – ma‘muriy bino, stadion, bolalar maydonchalari, oila bekalari uchun tikuvchilik sexi hamda asosiysi Yambaroq qishlog‘ida 22 ta, Chimyonda 28 ta xonadondan iborat turar-joylar chegarachilarga topshirildi. Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi harbiylarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan qutlab, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni, chegaralarimiz daxlsizligini ta‘minlash mustaqilligimizni mustahkamlashdagi eng muhim omil ekanini qayd etdi. Qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish bilan birga harbiy xizmatchilar va ularning oila a‘zolarini ijtimoiy himoyasiga katta e‘tibor qaratilayotganligi bildirildi. Bugun foydalanishga topshirilgan binolar, harbiy xizmatchilarning oilalari uchun yangi uy-joylar, ayollar uchun yaratilgan ish o‘rinlari chegarachilarimizni ruhini ko‘tarib, kuchiga kuch qo‘shishi, o‘z xizmat vazifalarini xotirjam, ko‘ngillari to‘q bo‘lib bajarishlariga, yanada sadoqat va vatanparvarlik hissi bilan jonajon Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlashlarida muhim omil bo‘lishi ta‘kidlandi. - Mustaqillik - xalqimizning azaliy orzusi bo‘lib, uni qo‘lga kiritish oson kechmagan. Bu buyuk ne‘matni asrab-avaylash va mustahkamlash qaysi sohada bo‘lishidan qat‘i nazar, har bir fuqaroning eng muqaddas burchi hisoblanadi. Shu bilan birga tinchlikni asrashda eng avvalo chegaragi harbiy xizmatchilarning o‘rni beqiyos. E‘tiborlisi, qo‘shni davlatlar bilan yaqin va do‘stona munosabatlar tufayli ko‘plab muammolar echimini topmoqda. Mintaqada tinchlikni ta‘minlashda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilyapmiz, - dedi viloyat rahbari. Tadbirda harbiy xizmatchilarga yangi uylar kalitlari tantanali ravishda taqdim etildi. Shundan so‘ng viloyat rahbari va tadbir ishtirokchilari yaratilgan qulayliklar va shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Farg‘ona shahrida zamonaviy restoran foydalanishga topshirildi



Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov eronlik investor Xosseini Alini qabul qildi