Viloyat hokimi boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Janubiy Koreyada bo‘lib turibdi
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasi hududlararo investisiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik aloqalarini kengaytirishni ko‘zda tutgan amaliy tashrif bilan Janubiy Koreyada bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida mustahkam ishonch va do‘stlikka asoslangan ikki tomonlama aloqalar yanada yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, hududlararo hamkorlik ko‘lamining kengayishi bunda muhim o‘rin tutmoqda. Hozirgi kunda viloyatimizda Janubiy Koreya korxonalari kapitali ishtirokida 48 ta korxonalar faoliyat olib bormoqda. O‘tgan yilda 73,3 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya va xorijiy kreditlar o‘zlashtirilgan.
Viloyat delegatsiyasi Kyongido provinsiyasining Kimpo shahrida bo‘ldi.
Shahar meri Kim Byon Su boshchiligidagi rasmiylar bilan tor doirada o‘tkazilgan muzokaralarda ikki hudud o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Janubiy Koreya O‘zbekistonning ishonchli hamkori ekanligini, so‘nggi yillarda barcha sohalarda aloqalar yo‘lga qo‘yilganligini ta‘kidlab, viloyatning investitsion salohiyati haqida ma‘lumot berib o‘tdi.
Uchrashuvda Kimpo va Farg‘ona shahri o‘rtasida birodarlashgan shahar sifatida hamkorlikni boshlash, davlat xizmatchilarining o‘zaro malaka va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishildi. Kimpo shahar delegatsiyasining viloyatimizga tashrifi bo‘yicha ham taklif ma‘qullandi.
Viloyat rahbari Kimponing investorlari bilan hamkorlikka tayyorligini, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini ma‘lum qildi.
Keng doirada davom etgan uchrashuvda esa ikki tomonlama manfaatli hamkorlik bo‘yicha amaliy ishlarga kirishish haqida so‘z yuritildi. Farg‘ona viloyatining iqtisodiy, investitsiyaviy imkoniyatlari, investorlar uchun berilgan imtiyozlar bo‘yicha fikr almashildi.
Ma‘lumot o‘rnida, Kimpo Seulning shimoli-g‘arbidagi shahar bo‘lib, u bir vaqtlar poytaxt va butun mamlakat bo‘ylab asosiy havo darvozasi bo‘lgan va hozirda asosan ichki reyslarga ixtisoslashgan xuddi shu nomdagi Kimpo aeroporti bilan mashhur. Shaharda 512 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Kimpo shahri bir nechta tarmoqlarda, ayniqsa, ishlab chiqarish, logistika va xalqaro savdoda faoliyat yurituvchi kompaniyalar uchun muhim markaz hisoblanadi.
Hududning rivojlanishida Seul metropoliyasining bir qismi sifatida shahar Janubiy Koreya hukumati tomonidan amalga oshirilgan turli shaharsozlik tashabbuslari muhim o‘rin tutdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!