Viloyat hokimligida koreyalik ishbilarmonlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Xabibjon Sirojitdinov Janubiy Koreyaning Ulsan shahar hokimligi va dunyoga mashhur HD Hyundai Heavy Industries Co., Ltd kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda keyingi yillarda Farg‘ona viloyati va Janubiy Koreya o‘rtasida sanoat, savdo va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanayotganligi, ayni paytda viloyatda 48 ta Janubiy Koreya investisiyasi kiritilgan qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatayotganligi qayd etildi. To‘qimachilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan Posco International Textile kompaniyasida ming nafardan ortiq ishchilar mehnat qilayotgani, o‘tgan yili ushbu korxona tomonidan Yozyovon tumanida 50 mln. dollar evaziga paxtani qayta ishlovchi zamonaviy ishlab chiqarish ob‘ekti ishga tushirilgani ta‘kidlandi.
Hozirda hamkorlikni davom ettirish maqsadida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegasiya vakillari Janubiy Koreyada xizmat safarida ekanligi, bu hamkorlik ikki tomonlama manfaat keltirishi aytib o‘tildi.
Ulsan shahrida dunyoga mashhur HD Hyundai Heavy Industries Co., Ltd kompaniyasi va boshqa yirik ishlab chiqarish korxonalari joylashgan. Birgina ushbu kompaniya kemasozlik, avtomobilsozlik va boshqa sohalar bilan shug‘ullanadi. Bunday korporasiyalar uchun ishchi kuchi zarur. Tashrifning asosiy maqsadi ham Farg‘ona viloyatida o‘quv-markazlari tashkil etish, malakali ishchilarni ana shu yirik ishlab chiqarish korxonalariga ishga yuborishdan iborat ekanligi ma‘lum qilindi.
Uchrashuv davomida Farg‘ona viloyatida mehnat resurslari etarli ekanligi, ularni kasbga o‘qitilishi, mutaxassislarni Janubiy Koreyaning Ulsan shahridagi daromadli ishlarga qonuniy tartibda jo‘natilishi xususida o‘zaro fikrlar bildirildi, ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!