Farg‘onada ilk bor quvvati 300 megavattli yirik elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etildi
Farg‘onada ilk bor quvvati 300 megavattli yirik elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etildi.
Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimida viloyatimizda barpo etilgan quvvati 300 megavattli yirik elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi. Marosimda videokonferensiya orqali O‘zbekiston tumanidagi ishga tushirilgan inshootdan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, xorijiy kompaniya vakillari va nuroniylar ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 11-12 iyul kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Xitoyning “Chayna Enerji” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston tumanida elektr energiyasi saqlash tizimi qurilishi loyihasiga start bergan edi. Qisqa fursat ichida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan elektr energiyasini saqlash inshooti Xitoy Xalq Respublikasining “China Gezhouba Group Overseas Investmen Co.Ltd” kompaniyasi va mahalliy hamkorlar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 144 million dollarlik xorijiy investitsiya kiritish hisobiga barpo etildi. Bu yerda elektr energiyasini saqlovchi, har birining quvvati 2 MVt bo‘lgan 193 ta batareyalar o‘rnatildi.
Farg‘ona viloyatida qurilgan elektr energiya saqlash tizimi o‘zga xosligi bilan ajralib turadi. Yangi loyiha elektr manbaiga ehtiyoj kamaygan kunduz va tungi paytlarda elektr tarmog‘iga ulanib, iste‘moldan ortib qolgan elektr quvvatini ”ombor”ga yig‘adi va zarur bo‘lganda o‘sha “ombor”dan yana qayta tarmoqqa yetkazib beradi. Elektr energiyasini batareyada saqlash ayniqsa, qishda qo‘l keladi. Kunduzi yuklama past bo‘lgan vaqtda tizimni quvvatlantirish, yuklama yuqori bo‘lganda uni bo‘shatib, tizimdagi balansni saqlashga yordam beradi. Bu uning asosiy funksiyalaridan biri.
Hisob-kitob uchun kunlik o‘rtacha iste‘mol 6 kilovat soat deb olsak, batareya saqlash tizimi kuniga ikki marta ishlagan holda kuniga 100 mingdan ortiq xonadonni elektr energiya bilan ta‘minlay oladi. Bu juda katta ko‘rsatkich. Shuningdek, turli noqulay ob-havo sharoitlarida ham elektr energiyani uzluksiz yetkazib bera oladi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!