Farg‘ona viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Farg‘ona viloyati hokimligi kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati direktori vazifasida ishlab kelgan Dolimov Hakimjon Abdumo‘minovich Farg‘ona viloyati hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Hakimjon Dolimov jamoatchilikka tanishtirildi. Hakimjon Dolimov 1983-yilda Buvayda tumanida tug‘ilgan. 2006-yilda Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Farg‘ona viloyati iqtisodiyot bosh boshqarmasida mutaxassislikdan boshlagan. Mazkur boshqarmada bosh mutaxassis, birinchi o‘rinbosar, Farg‘ona viloyati hokimining sanoat, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati mudiri, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Milliy va hududiy investitsiyalarning yo‘nalish va loyihalarini shakllantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi, Farg‘ona viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi direktori vazifalarida ishlagan. 2021-yildan tayinlovga qadar Farg‘ona viloyati hokimligi kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati direktori lavozimida ishlab kelayotgandi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!