Viloyatdagi barcha kasbiy ta‘lim tashkilotlari uchun “Yashil makon” umummilliy loyihasini samarali amalga oshirishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi





Farg‘ona viloyatidagi barcha kasbiy ta‘lim tashkilotlari uchun “Yashil makon” umummilliy loyihasini samarali amalga oshirishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Quva tumani politexnikumida o‘tkazilgan tadbirda viloyat oliy ta‘lim, fan va innovasiyalar boshqarmasi mas‘ullari, barcha kasbiy ta‘lim tashkilotlarining direktorlari va o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar va ta‘lim ustalari qatnashishdi. Tadbir ishtirokchilari mazkur politexnikumda amalga oshirilgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, 4 gektar maydonga ekilgan manzarali va mevali ko‘chatlar, mo‘‘jaz issiqxonada noyob navli buta va gul nihollari etishtirilishi bilan tanishdilar. Ta‘kidlash kerak, o‘quv muassasasida bahorgi ko‘chat ekish ishlari puxta reja va aniq o‘lchovlar asosida amalga oshirilgan. Buni har bir konturda saf tortgan nihollar, ular ostiga tomchilatib sug‘orish uchun rezina quvurlar yotqizilgani, erlarning begona o‘t va toshlardan tozalanganida ham ko‘rish mumkin. Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Sh.Polvonov so‘zga chiqib, barcha ta‘lim muassasalarida “Yashil makon” loyihasini samarali amalga oshirish, bo‘sh maydonlardan unumli foydalanish, ko‘chatchilik va gulchilikka tadbirkorlik bilan yondashib, mo‘may daromad olish, yoshlarni tabiatga mehr va yurtparvarlik ruhida tarbiyalash haqida fikr bildirdi. Shuningdek, tumanda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminar tajribalarini amalga tatbiq qilishga chaqirdi. Ishtirokchilar o‘z ta‘lim muassasalarida ham shu yo‘sinda ish tashkil qilish, muayyan hududlarga mas‘ullarni biriktirish, sifatli ko‘chatlarni xarid qilish, talab yuqori bo‘lgan gul va daraxt nihollarini ko‘paytirish xususida fikr almashdilar.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!