Farg‘onada matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi










Farg‘onada matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi 27 iyunь — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Farg‘ona shahridagi “Afrosiyob” tantanalar majmuasida bayram tadbiri tashkil etildi. Unda ommaviy axborot vositalari xodimlari, noshirlar, matbaachilar, faxriy jurnalistlar, blogerlar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Tantanali marosimda viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov soha vakillarini kasb bayrami bilan samimiy tabriklab, xolis, tezkor va haqqoniy axborot etkazishdagi munosib hissalari hamda viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yoritishdagi faolliklari uchun minnatdorlik bildirdi. Prezidentimizning soha vakillariga yo‘llagan bayram tabrigi, unda ommaviy axborot vositalari xodimlarining mashaqqatli mehnatiga yuqori baho berilib, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini rivojlantirish Yangi O‘zbekistondagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e‘tirof etilgani ta‘kidlandi. Mamlakatimiz matbuotining beshigi bo‘lgan Farg‘onada ilk bosma nashrlar paydo bo‘lgani, bugungi kunda esa viloyat jurnalistikasi nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham yuksak baholanayotgani alohida qayd etildi. Tadbirda soha fidoyilari Adham Hamdam, Abdulla Mirzaev, Yo‘ldosh Sulaymon, Vog‘iz Muzaffarov, A‘zamjon Ortiqov, Ibrohim Ashurovlarning boy ijodiy merosi yosh jurnalistlar uchun ibrat maktabi ekani aytildi. Ayni paytda viloyatda 61 ta bosma nashr, 5 ta telekanal, 3 ta radio va 6 ta internet axborot sayti samarali faoliyat yuritmoqda. Ular orqali hududdagi islohotlar, yangiliklar va muhim voqealar keng jamoatchilikka tezkor etkazib berilmoqda. Tadbirda namoyish etilgan maxsus videorolikda ham ayni jihatlar o‘z aksini topdi. Tadbir davomida Prezidentimizning Farmoniga muvofiq “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan Farg‘ona viloyati teleradiokanali bosh muharririning o‘rinbosari, So‘x telekanali guruhi rahbari Farxodjon Mirsharipov hamda “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan soha faxriysi, fotosuratchi Shamshidin Koraboev tantanali ravishda muborakbod etildi. Shuningdek, matbuot sohasida ko‘p yillik samarali mehnati va jamiyatdagi faol ishtiroki uchun bir guruh soha vakillari viloyat hokimining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Abdulhay Karimov, Otabek Muhammadzohid, Elyor Temirov kabi xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, raqs jamoalarining chiqishlari ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!