"Talabalar kibersport o‘yinlari – 2025” Respublika chempionati g‘oliblari tantanali taqdirlandi










Farg‘onada “Talabalar kibersport o‘yinlari – 2025” Respublika chempionati g‘oliblari tantanali taqdirlandi Farg‘ona shahridagi Ekoshahar amfiteatrida “Talabalar kibersport o‘yinlari – 2025” Respublika chempionati final bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Oliy ta‘lim, fan va innovasiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, yurtimizning barcha hududlaridagi oliy o‘quv yurtlarining, shuningdek, Qirg‘iziston jamoasi, yoshlar ishtirok etdi. Viloyat hokimligi hamda Oliy ta‘lim, fan va innovasiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur musobaqa Prezidentimizning 2022 yil 16 noyabrdagi “Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ilk bor Farg‘onada o‘tkazilgan bu musobaqa yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilishini, mazkur zamonaviy sport turi rivojlanib borayotganligini ta‘kidladi. "Talabalar kibersport o‘yinlari” Respublika chempionatini viloyatimizda an‘anaviy o‘tkazish taklifini bildirdi, ishtirokchilarga omad tiladi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan kibersportni yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, uning xavfsiz va tizimli rivojini ta‘minlash hamda professional sportchilarni tayyorlash loyihaning asosiy maqsadi ekani ta‘kidlandi. Uch bosqichdan iborat chempionatda respublikamizning barcha hududlaridan 64 ta jamoa va 300 nafar saralangan ishtirokchi finalda bellashdi. Musobaqalarda jami 210 ta oliy ta‘lim muassasasidan 44 mingdan ortiq talaba, 3 mingdan ziyod jamoa ishtirok etdi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali esa musobaqa 225 mingdan ziyod tomoshabin tomonidan kuzatib borildi. Bu esa loyihaning mahalliy, milliy va global miqyosdagi ta‘siri yuqori bo‘lganini o‘zida aks ettirdi. Tadbir davomida chempionat g‘oliblari va turli nominasiyalar sohiblari nomlari e‘lon qilindi. Xususan, "Dota 2" kibersport turi bo‘yicha Toshkent shahridagi Webster universiteti jamoasi 1-o‘rinni egalladi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 2-o‘rinni, Qoraqalpoq davlat universiteti esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Counter-Strike turi bo‘yicha 1-o‘rin Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasiga nasib etdi. 2-o‘rin Jizzax viloyatidagi Sabhram universiteti jamoasiga, 3-o‘rin esa Toshkent shahridagi Webster universiteti jamoasiga nasib qildi. Just Dance sport turi bo‘yicha Toshkent viloyatidagi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti 1-o‘ringa ega chiqdi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 2-o‘rinni, Andijon davlat texnika universiteti esa 3-o‘rinni band qildi. Kibersportning futbol musobaqasida tadbir qatnashchilari Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Yangi O‘zbekiston universiteti vakillari o‘rtasidagi qiziqarli bahsga guvoh bo‘ldilar. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston universiteti jamoasi 1-o‘rinni, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 2-o‘rinni, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga va nominasiyalar sohiblariga musobaqa kubogi, pul mablag‘lari ko‘rsatilgan vaucherlar, sertifikat, diplom va medallar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbirda Qirg‘izistonning O‘sh davlat universiteti jamoasi ham faol ishtiroki uchun taqdirlandi. Estrada xonandalari Shohruxxon, Jahongir Poziljonov va Jo‘rabek Qodirov ijrosidagi yurtni, mehr-muhabbatni, birdamlikni tarannum etgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinkilik, yoshlarga g‘ayrat-shijaot bag‘ishladi. Osmon uzra porlagan mushakbozlik tadbir ishtirokchilariga hush kayfiyat ulashdi. Shundan so‘ng musiqali favvora atrofida ham bayram shodiyonalari davom etdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Farg‘onada xitoylik tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi


Marg‘ilonda yana bir zamonaviy avtosalon ish boshladi.


Xitoyning “Daqin Cableway” kompaniyasi vakillari bilan videomuloqot o‘tkazildi