Furqat tumanida “Do‘stlik city Mall” xalqaro savdo xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar kompleksi qurilishi boshlandi









Xabaringiz bor, joriy yil iyunь oyida Furqat tumani Ardahshon qishlog‘idagi tashlandiq joy o‘rnida “Do‘stlik city Mall” xalqaro savdo xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar kompleksi hamda istirohat bog‘i infratuzilma ob‘ektlari qurilish loyihasi taqdimot qilingan edi. Bugun ushbu majmuaning qurilishiga start berilib, sotuv ofisi ish boshladi. Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov, tadbirkorlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Viloyat rahbari mustaqillik yillarida yurtimizda amalga oshirilgan o‘zgarishlar, ayniqsa, so‘nggi sakkiz yilda barcha sohalar va tarmoqlarda amalga oshirilgan tub islohotlar, shu jarayonlarda qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilgani va ularning ijobiy samaralariga e‘tibor qaratdi. Mintaqada tinchlik va do‘stlik hukm surishi, nafaqat jahon hamjamiyati, balki yurtimizga kelayotgan investorlar uchun ham muhim ahamiyatga ega ekani misollar orqali tahlil qilib o‘tildi. - Yangi majmua ham o‘zaro do‘stlik, savdo-sotiq va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Birinchidan, tuman iqtisodiyotini rivojlantirish uchun muhim drayver soha sanalsa, ikkinchidan, uning siyosiy ahamiyati ham katta. O‘ylaymanki, qisqa fursatlarda bosqichma-bosqich ishga tushirilib, foydalanishga topshiriladi va eng chekka hududlarimizdan biri Furqat tumani taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi, - dedi viloyat rahbari. Tadbir davomida Furqat tumanida amalga oshirilayotgan qurilishlar, sanoat zonalarini barpo etilayotgani, infratuzilma, kanalizasiya va suv bilan bog‘liq masalalarning echim topayotgani qayd etildi. Pirovard natijada tuman taraqqiy etib, inson ko‘rsa havas qiladigan so‘lim go‘shalardan biriga aylanishiga ishonch bildirildi. O‘zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusov ham so‘z olib, tumanda bu kabi yirik komplekslarning qurilishidan furqatliklar behad mamnun bo‘layotganligini ta‘kidladi. Ramziy lenta qirqilib, sotuv ofisida xaridorlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishildi. Shu joyda tadbirkor Azamatjon Soliev kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar bo‘yicha ma‘lumot berdi. Ma‘lumot uchun, hududda tekstilь, qurilish materiallari, uy-ro‘zg‘or buyumlari savdosi, shuningdek, ishlab chiqarish fabrikalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan 6 ta maxsus maydon tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, uch qavatli zamonaviy savdo markazi qurilishi ham rejalashtirilgan. Umumiy qiymati 400 mlrd so‘mlik loyiha 2027 yilda to‘liq ishga tushadi va 4000 ta ish o‘rni yaratiladi. Bir vaqtning o‘zida ushbu majmuaga 40 ming odam kirish salohiyatiga ega bo‘ladi. Tojikiston, Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlardan keladigan xaridorlarga ham xizmat ko‘rsatadi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Shohimardon zamonaviy turizm maskaniga aylanmoqda


Farg‘ona tarvuzlari Polьshaga etib bordi

Yangi bosqichdagi Farg‘ona ta‘limida xususiy sektorning ham ulushi ortmoqda

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bir guruh turkiyalik investorlarni qabul qildi.