Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 30 nafar xodimlariga Farg‘ona shahrida bunyod etilgan yangi uylar topshirildi







O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etilgan kun Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining bir guruh harbiy xizmatchilari uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Farg‘ona shahri Shakarqishloq MFY hududida bunyod etilgan 5 qavatli uylardan 30 nafar soha xodimlariga yangi uylar topshirildi. Tantanali tadbirda viloyat sektorlari rahbarlari, harbiy xizmatchilar va ularning oila-a‘zolari, faxriylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Viloyat hokimi, harbiy-ma‘muriy sektor rahbari Xayrullo Bozorov favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlarini kasb bayrami bilan qutlab, ularning sharafli va mas‘uliyatli xizmatini e‘tirof etdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilayotgani haqida to‘xtaldi. Shunday ezgu ishlarning davomi sifatida Farg‘ona shahrida qurilgan zamonaviy ko‘p qavatli uydan imtiyozli ipoteka krediti asosida yangi xonadonlarning topshirilishi buning amaldagi ifodasi ekanligini bildirdi. “Affalina fayz baraka" xususiy korxonasi tomonidan barpo etilgan turar joy majmuasidan harbiy xizmatchilarga yangi uylarning kaliti tantanali topshirildi. Tadbirda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi shaxsiy tarkibining bir guruh harbiy xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etilganligining 29 yilligi bayramida viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ramziy lenta qirqilib, tadbir ishtirokchilari xonadonlarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Yangi xonadon sohiblari bilan muloqotda bo‘ldilar.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz




