Uchko‘prik tumanida mamlakatimizda ilk bor "Limon sayli" festivali va ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi







Uchko‘prik tumanidagi "Bog‘i Abdurahmon ota" fermer xo‘jaligida mamlakatimizda ilk bor "Limon sayli" festivali hamda limon etishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi. Viloyat hokimligi, "Turonbank" ATB, Sitrus, subtropik va tropik o‘simlik etishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning barcha hududlaridan 200 nafardan ziyod limon etishtiruvchi fermerlar, tomorqa egalari, tadbirkorlar va eksportyorlar ishtirok etdi. Tadbir davomida limonchilikni rivojlantirish borasidagi davlat dasturlari, sohaga ilmiy-innovasion yondashuvlar, xalqaro tajribalar, tijorat banklarining imtiyozli kreditlari haqida ma‘lumot berildi. Limon etishtirishda Uchko‘prik tajribasi, tumanda "Bir mahalla - bir mahsulot" tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar, mahallalar ixtisoslashuvi, limonni qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilish bo‘yicha yangi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Xonadonlarda limon etishtirish va saqlash jarayonlari bilan tanishildi. Tadbir doirasida "Limonchilikni rivojlantirishda o‘zaro tajriba almashish va marketing strategiyalari" mavzusida sohaning etakchi mutaxassislari, fermerlar, tadbirkorlar va eksportyorlar ishtirokida davra suhbati tashkillandi. Bugungi kunda Uchko‘prik tumanida “Qurbonqashqar”, “Oqsuv”, “Bog‘ibo‘ston”, “Oltin vodiy”, “Sariqo‘rg‘on”, “Tojik”, “Soybo‘yi”, “Katta qashqar” mahallalarida 3 ming 823 ta xonadonda 766 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etilib, limon etishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Vazirlar Mahkamasining joriy yil 2 apreldagi “Respublikada limonchilik sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Uchko‘prik tumanida 2025 yilda 800 ta xonadonni, 2026 yilda esa yana 1 ming 20 ta xonadonni limonchilikka ixtisoslashtirish, qo‘shimcha 98 gektar maydonda yangi issiqxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz




Farg‘ona viloyati va Xitoyning provinsiyalari o‘rtasida hamkorlik jadal rivojlanadi