Farg‘onaga jamoat transporti uchun 24 ta zamonaviy avtobus olib kelindi










Farg‘onaga jamoat transporti uchun 24 ta zamonaviy avtobus olib kelindi Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan navbatdagi avtobuslarni foydalanishga topshirish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari, nuroniylar ishtirok etdi. Tadbirda viloyat rahbari Farg‘onada jamoat transporti infratuzilmasini yaxshilash, aholiga qulayliklar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. O‘tgan yilda 48 ta zamonaviy avtobus olib kelinib, 4 yo‘nalishda qatnovlar yo‘lga qo‘yilganligi qayd etilib, bu ishlar tizimli davom etishi, bosqichma-bosqich Qo‘qon, Marg‘ilon shahri va boshqa hududlarda ham jamoat transporti uchun avtobuslar xarid qilinishi bildirildi. Yangi avtobuslar Farg‘ona shahrida ikkita yangi yo‘nalishda qatnay boshlashi va har kuni o‘rtacha 10 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega ekanligi, ular fuqarolarga har tomonlama qulay sharoitlarni yaratib, uzoqni yaqin, og‘irni engil qilishi ta‘kidlandi. Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyatimizda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga kelib, 11 ta avtobus yo‘nalishida 152 ta zamonaviy avtobuslar harakatlanmoqda. Xitoydan olib kelingan yana 24 ta zamonaviy avtobuslar esa 5-sonli yo‘nalishda A.Jomiy mahallasidan markaz orqali Cheksho‘ra mahallasigacha, 6-sonli yo‘nalishda Abdulla Qodiriy mahallasidan markaz orqali “Istiqlol” stadionigacha bo‘lgan qatnov qismida aholiga xizmat ko‘rsatadi. E‘tiborlisi, yil yakuniga qadar Farg‘ona shahridagi avtobuslar sonini 104 taga etkazish rejalashtirilgan. Yangi avtobuslar viloyatimizda jamoat transporti xizmatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, aholiga samarali va xavfsiz xizmat ko‘rsatilishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, viloyatda jamoat transportini yanada rivojlantirish maqsadida 2025 yil aprelь oyida viloyat transport boshqarmasi va 9 ta tashuvchi korxona rahbarlarining Xitoyga xizmat safari amalga oshirildi. Safar davomida “Zong Tong” va “Asia Star” kabi mashhur ishlab chiqaruvchilar bilan 384 ta avtobus va mikroavtobus xarid qilish bo‘yicha memorandum imzolandi. Loyihaning umumiy qiymati 19,5 mln dollarni tashkil etadi. Yurtga qut-baraka tilab duolar qilindi va yangi avtobuslar bilan tanishildi. Xitoyda ishlab chiqarilgan ushbu jamoat transportlarida yo‘lovchilar uchun barcha sharoitlar mavjud. Xususan, avtobus yozda sovitish, qishda isitish tizimiga ega. “GPS” tizimi va har tomonlama videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Shundan so‘ng, viloyat hokimi viloyat transport boshqarmasi ta‘sischiligida faoliyat olib borayotgan "Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish" davlat muassasasida bo‘lib, bu erda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Muassasada real vaqtda avtobuslar harakati onlayn kuzatib borilishi va muammolar paydo bo‘lganda uni joyida bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rilishi ma‘lum qilindi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz




