Janubiy Koreyaning “AHA” kompaniyasi Farg‘onada yangi loyiha amalga oshiradi



Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegasiyasi o‘tgan yil noyabrь oyida Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida “AHA Co., Ltd.” kompaniyasida bo‘lib, hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishgan edi. Endilikda amaliy bosqichga o‘tilib, viloyatimizda istiqbolli loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bugun viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mazkur kompaniya rahbari Ku Gi Doni qabul qildi, unda ta‘lim sohasi uchun smart doskalar va boshqa texnologiyalar ishlab chiqarish istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuvda Koreya xalqaro universiteti rektori Park Jun Xo ishtirok etdi. Muloqotda yurtimizda investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi mavjud investision salohiyat yangi loyihalarni amalga oshirishda muhim omil bo‘layotgani ta‘kidlandi. Ta‘lim va sog‘liqni saqlash sohalarida raqamlashtirish va innovasion echimlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan hozirgi sharoitda mazkur yo‘nalishlarda 1995 yildan buyon faoliyat yuritayotgan va Gimpo shahrida joylashgan “AHA Co., Ltd.” kompaniyasining tajribasi yuqori baholandi. Kompaniya Yaponiya, Germaniya, Qozog‘iston va AQSh kabi davlatlarda o‘z filiallariga ega bo‘lib, xalqaro maydonda muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. “AHA Co., Ltd.” ta‘lim va tibbiyot sohalari uchun elektron doskalar, interaktiv sensorli displeylar, yuzni tanib oluvchi termometrlar va havo sterilizatorlari, shuningdek, transport vositalarini zaryadlashga mo‘ljallangan zamonaviy qurilmalarni ishlab chiqaradi. Bu jarayonlarda sun‘iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalaniladi. Uchrashuvda Farg‘onada ham ana shunday zamonaviy echimlarga asoslangan investisiya loyihasini amalga oshirish takliflari muhokama qilindi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlashini ma‘lum qilib, Koreya tajribasi asosidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekanligini ta‘kidladi. Koreya xalqaro universiteti rektori Park Jun Xo Janubiy Koreyaning Halla universitetida 100 nafar farg‘onalik yoshlarni imtiyozli grant asosida 2+2 dasturi asosida o‘qishga yuborish hamda yangi korxona uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha so‘z yuritdi. Viloyat rahbari bu taklifni ma‘qullab, ta‘lim sohasidagi hamkorlikni davom ettirishni bildirdi. Muloqotda viloyat hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov ishtirok etdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz



