Farg‘onada “kumush tola” – pilla terimi boshlandi







Yozyovon tumani pillakorlari mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib joriy yilgi chilgi hosili – “kumush tola”ni yig‘ib olishga kirishdi. Dastlabki pilla hosilini yig‘ib olish jarayonida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi. Tumanda 2 ming 145 quti ipak qurti parvarishlanib, 129 tonna hosil etishtirish maqsad qilingan. Buning uchun 900 dan ortiq ipak boquvchi oilalar bilan ichki shartnomalar tuzilgan. Yozyovonda uzoq yillar davomida ipak qurti parvarishlab, bu borada ko‘pchilikka ibrat bo‘lib kelayotgan tajribali pillakorlar ko‘p. “Gaston” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Isroiljon Akbarov oilasi ana shunday tajribali pillakorlardan sanaladi. Mazkur xonadonda 30 yildan buyon ipak qurti parvarishlanadi. Joriy yil ham oila a‘zolari bilan 4 quti ipak qurti parvarishladi. Tumandagi pilla terish mavsumi aynan uning xonadonidan boshlandi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mazkur xonadonda bo‘lib, etishtirilgan pilla hosilini ko‘zdan kechirdi. Oila egalari bilan samimiy suhbatda bo‘lib, chilgi hosilga baraka tiladi. Mazkur xonadon tomorqasida tashkil etilgan issiqxonada shaftoli, kartoshka, qalampir kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirilyapti. Viloyat rahbari oilaning bu kabi ibratli ishlarini e‘tirof etdi. Shuningdek, A‘zamjon Hakimov, Malohatxon Yunusova kabi ilg‘or pillakorlarning xonadonida ham bo‘ldi. Suhbatda pillachilikning iqtisodiy ahamiyati, oilaviy daromad manbai sifatidagi o‘rni va sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganiga e‘tibor qaratildi. Joriy yilda Farg‘ona viloyatida 46 ming 436 quti ipak qurti parvarishlanib, 2 ming 786 tonna pilla etishtirilishi rejalashtirilgan. Bu maqsadda 4 ming 252 ta fermer xo‘jaligi va 13 ming 755 nafar kasanachi bilan shartnomalar tuzilgan. Sohada 132 ming nafardan ziyod ishsiz aholini ish bilan ta‘minlash ko‘zda tutilgan. Ma‘lumot uchun, Farg‘onada yiliga to‘rt mavsumda ipak qurti parvarish qilinib, har mavsum uchun alohida reja va tayyorgarlik ishlari amalga oshirilishi an‘anaga aylanmoqda. Bugungi kunda esa Yozyovon tumani bilan bir qatorda viloyatning boshqa hududlarida ham pilla terimi qizg‘in tus olmoqda.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz



