Farg‘ona voleybol bo‘yicha “Millatlar ligasi-2025” Markaziy Osiyo chempionatiga mezbonlik qilmoqda










Farg‘ona voleybol bo‘yicha “Millatlar ligasi-2025” Markaziy Osiyo chempionatiga mezbonlik qilmoqda Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasida voleybol bo‘yicha “Millatlar ligasi-2025” Markaziy Osiyo chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda murabbiylar, xalqaro toifadagi hakamlar va delegasiya rahbarlari, Eron, Hindiston, Pokiston, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Turkmaniston davlatlari hamda mamlakatimizdan jami 150 nafarga yaqin sportchilar, keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov barcha ishtirokchilarni nufuzli sport musobaqasi bilan tabriklab, jamoalarga omad tiladi. Markaziy Osiyo voleybol assosiasiyasi (CAVA) tomonidan viloyatda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli musobaqa nafaqat sportni targ‘ib qilish, balki mintaqadagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash uchun ham muhim maydon bo‘lib xizmat qilishini ta‘kidladi. Mamlakatimizda ommaviy sportni targ‘ib qilish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilishga alohida e‘tibor tufayli sportning voleybol turi rivojlanib borayotgani, Farg‘ona viloyatida voleybol sport turi bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni qariyb 4 ming nafarni tashkil etayotgani, 27 ta voleybol bo‘yicha sport klublari faoliyat ko‘rsatayotgani bildirildi. Viloyat bo‘yicha jami 15 nafar sportchilar O‘zbekiston milliy terma jamoasi (turli yosh toifasi bo‘yicha) tarkibiga kiritilgan. Farg‘ona viloyati mezbonlik qilayotgan ushbu nufuzli xalqaro musobaqada O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida farg‘onalik sportchilar Saidjamol Mirobiddinov va Ozodbek Usmonov hamda trenerlar tarkibida Shohruxbek Alixo‘jaev bor. Viloyat rahbari shular xususida to‘xtalib o‘tdi va musobaqa Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda sportning voleybol turini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor e‘tirof etdi. Marosimda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Voleybol federasiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Bekmurod Abdullaev ham mazkur sport musobaqasi ishtirokchilarini tabriklab, o‘zaro do‘stlik va ishonchni mustahkamlashda bu kabi tadbirlar muhim o‘rin tutishiga e‘tibor qaratdi. Tadbir davomida ishtirokchi jamoalarga viloyat voleybol federasiyasining esdalik sovg‘alari topshirildi. San‘atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, raqslar va sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari barchaga ko‘tarinkilik ulashdi. Bugun musobaqalarga start berilib, jamoalar g‘oliblik uchun bahslashmoqda. Mazkur musobaqa joriy yilning 4 iyunь kuniga qadar davom etadi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Marg‘ilonda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Quva tumanida “Gilos sayli” festivali ko‘tarinki o‘tkazildi.
