Farg‘ona viloyatida g‘alla o‘rimi mavsumi boshlandi.








Farg‘onada g‘alla o‘rimi mavsumi boshlandi
Yozyovon tumanida g‘alla hosilini sifatli va uyushqoqlik bilan o‘rib-yig‘ib olishga bag‘ishlangan viloyat ko‘rgazmali seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Ikramov, tuman hokimlari, ularning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, g‘allachilik don qabul qilish korxonalari boshliqlari, sohaga daxldor viloyat tashkilot va boshqarmalar, otryadlar rahbarlari, jamoatchilik kengashi a‘zolari ishtirok etdi.
Dastlab seminar ishtirokchilari Markaziy Farg‘ona hududidagi "Bahromjon" fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdilar. Ushbu xo‘jalikda jami 344 gektar er maydoni mavjud bo‘lib, shundan 182 gektarida g‘alla, 162 gektarida esa paxta ekilgan. Fermer xo‘jaligida 25 ta yuqori unumli g‘alla o‘rim kombaynlari va haydov texnikalari bor. G‘allaning ertapishar navlari ekilgan bo‘lib, ayni paytda o‘rim ishlariga kirishilmoqda.
Shu erda g‘alla hosiliga baraka tilab, duolar qilindi. Viloyatda g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi boshlandi.
Fermer xo‘jaligida 10 gektar maydonda 50 xil kuzgi boshoqli don va moyli ekinlar sinov-tajriba tariqasida etishtirilmoqda. Seminar ishtirokchilariga ushbu tajriba maydoni hamda navlar haqida atroflicha ma‘lumot berildi.
Tadbir davomida Xitoy texnologiyasi asosida yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelayotgan, hosildorlikni 100 sentnerga etkazishni maqsad qilgan "Mezon" fermer xo‘jaligi tajribasi ham ko‘zdan kechirildi.
“Ilg‘or fermerlar tajribasini o‘rganish, ular dalasiga havas qilish kerak. Tartib, intizom va ilm bilan, yangilikka intilib faoliyatni amalga oshirish zarur. Shundagina yaxshi ko‘rsatkichlarga erishiladi. “Mezon” tajribasini barcha hududlarda ommalashtirish kerak”, - dedi viloyat hokimi.
Ko‘rgazmali seminarda g‘alla hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish, bo‘shagan er maydonlarida takroriy ekinlar ekish, bu orqali aholi bandligini ta‘minlash hamda turmush darajasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Joriy yilda viloyat bo‘ylab 94 ming 300 gektar maydonda g‘alla parvarish qilindi. “Asr”, “Davr”, “Vexa”, “Antonino”, “Aleksevich” va “Bezostaya-100” kabi g‘allaning 13 xil istiqbolli navlari ekildi. Endilikda o‘rim-yig‘im ishlarini sifatli amalga oshirish uchun 340 ta otryad tashkil etilgan. Ushbu otryadlar tarkibiga 340 ta kombayn, 1ming 700 ta don tashish texnikalari, 340 ta maxsus jihozlangan priseplar, 340 ta chizel, 98 ta yoqilg‘i tashish agregatlari va 46 ta o‘t o‘chirish mashinalari biriktirildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov joriy yilgi g‘alla mavsumini sifatli amalga oshirish, qisqa fursatlar ichida o‘rib, yig‘ishtirib olish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Kombaynchilar, haydovchilar va o‘rim-yig‘imning boshqa ishtirokchilariga sharoitlar yaratish, ishlarni tizimli tashkil etish kerakligi ta‘kidlandi.
Tadbirda mas‘ullarning mavsumga tayyorgarligi bo‘yicha axborotlari eshitildi. Otryadlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish choralari, mavjud muammolar va ularning echimlari yuzasidan fikr almashildi. Qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan raqamlashtirish jarayonlariga ham alohida e‘tibor qaratildi. Oldinda turgan vazifalar kelishib olindi.
Seminar davomida joriy yilgi g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha tumanlardagi holat, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ham mas‘ullar ma‘lumotlar berdi.
Seminar yakunida tumanda pilla hosilini etishtirishda faollik ko‘rsatgan bir guruh pillakorlar munosib taqdirlanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Yaponiyadan kelgan investorlarni qabul qildi

Farg‘onada ham “Dolzarb 90 kun” tadbirlari boshlandi

San‘at va do‘stlik bayrami: Botkenda xalqaro qo‘shiq festivali o‘tkazildi

Viloyatimizda “Yangi O‘zbekistonning baxtli bolalari” shiori ostida bayram tadbirlari tashkil etilmoqda

Farg‘onada g‘alla mavsumida zamonaviy g‘alla o‘rish kombaynlari ishtirok etadi