Farg‘ona shahri viloyatning eng obod va namunali hududi bo‘lishi kerak






Farg‘ona shahri viloyatning eng obod va namunali hududi bo‘lishi kerak Farg‘ona shahridagi obodonlashtirish ishlari holati, dasturlar ijrosi, bu jarayonda “mahalla ettiligi” faoliyati, shuningdek, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Shahar hokimligi mas‘ullari, shahardagi “mahalla ettiligi”, mahalla faollari jalb etilgan yig‘ilishda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, aniq vazifalarni belgilab berdi. Yig‘ilish avvalida viloyat rahbarining topshirig‘iga asosan, shaharning turli ko‘chalari va yo‘l yoqalarida olib borilgan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarining holati bo‘yicha tayyorlangan videolavha ishtirokchilar e‘tiboriga havola etildi. Ushbu o‘rganishlar davomida Farg‘ona shahrida obodonlashtirish ishlari ba‘zi hududlarda (markaziy ko‘chalarda) o‘z xoliga tashlab qo‘yilganligi, ko‘chatlar qarovsiz, gullar ekilmaganligi aniqlangan. Yig‘ilishda viloyat hokimi shahar mutasaddilarining bu holatga nisbatan befarqligini tanqid qildi. “Har bir rahbar o‘z ishiga sadoqat va mehr bilan yondashishi, kitob mutolaa qilib, o‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Ko‘zbo‘yamachilikni tashlash, jamiyat uchun manfaat keltiradigan ish qilish vaqti keldi”, — dedi viloyat hokimi. Tadbirda mahalla raislariga aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borish, islohotlar mohiyatini etkazish, fuqarolarni ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtirish vazifasi zimmalarida ekanligi yana bir bor uqtirildi. Aholi kayfiyatiga tozalik, ko‘kalamzorlashtirish, yashilliklar ta‘sir qilishi, shahardagi ariq, lotoklar toza bo‘lishi, ajriq va qurigan daraxtlar bo‘lmasligi shartligi, har bir qarich erni yashillikka burkash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurash, aholidan kelib tushayotgan ariza va shikoyatlar bilan ishlashda ham keskin o‘zgarishlar zarurligi ta‘kidlandi. Har bir topshiriqning bajarilishi qat‘iy nazoratga olinishi, natija bo‘lmagan taqdirda mas‘ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi ma‘lum qilindi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!