Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida mingdan ziyod mahsulotlar namoyish etilmoqda










Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida mingdan ziyod mahsulotlar namoyish etilmoqda Farg‘ona shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida an‘anaviy Farg‘ona viloyati hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘z ishini boshladi. Sanoat yarmarkasining ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov, Qirg‘izistonning Botken viloyati va Tojikistonning So‘g‘d viloyati rasmiylari, Respublikamizning turli viloyatlari va qo‘shni davlatlardan kelgan tadbirkorlar, shuningdek, mahalliy ishlab chiqariluvchilar ishtirok etdi. Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, yarmarkaning sanoat rivoji, xalqaro hamkorlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashdagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Import o‘rnini bosuvchi eksportbop va raqobatbardosh mahsulotlarni ko‘paytirish, buning uchun o‘zaro tajriba almashish zarurligi, bu borada esa mazkur yarmarka muhim maydon bo‘lishini ta‘kidladi. - Oldimizga katta maqsadlar qo‘yganmiz. Farg‘onada yaqin kelajakda sanoat mahsulotlari uchun ko‘rgazmalar markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Unda xalqaro hamkorlar ham faol ishtirok etadi. Bu esa viloyatimizda sanoatni rivojlantirishda tarixiy qadam bo‘ladi, — dedi viloyat hokimi. Shuningdek, tadbir davomida sanoat rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan etakchi korxonalar turli nominasiyalar bo‘yicha taqdirlandi. "Eng yaxshi sanoat korxonasi" nominasiyasiga “UzSungwoo” AJ munosib topildi. "Eng yaxshi mahalliylashtirilgan mahsulot" nominasiyasi “To produce and sell construction” MChJ ga nasib etdi. "Eng yaxshi elektrotexnika sanoati mahsuloti" nominasiyasi esa "Blue Carbon” MChJ ga taqdim etildi. E‘tiborli jihati, so‘nggi yillarda viloyatimizda ishlab chiqarish, investisiyaviy loyihalar hamda tadbirkorlik sub‘ektlarining qo‘llab-quvvatlanishi natijasida yangi korxonalar ishga tushirilmoqda. 2024 yilda viloyatimizda 162 ta mahalliylashtirish loyihalari amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yilda 175 ta loyiha ishga tushiriladi. Mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi hamda 251 mln dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish, 40 mln dollarlik mahsulot eksporti rejalashtirilgan. Ishtirokchilar yurtimiz hamda viloyatimizdagi to‘qimachilik va ipakchilik, charm-poyabzal, mebelsozlik, neft-gaz, qurilish materiallari, kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik tarmoqlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, istiqbolli loyihalar hamda mahalliylashtirish orqali sanoat kooperasiyasiga taklif etilayotgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishdilar. Viloyat rahbari viloyatimizda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi mahsulotlar va ilg‘or ishlanmalarni ko‘zdan kechirdi, tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘ldi. E‘tiborlisi, ushbu hududiy sanoat yarmarkasida 200 dan ortiq korxonalar o‘zlarining mingdan ziyod mahsulotlari bilan qatnashmoqda. Yangi turdagi qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oliy o‘quv yurtlarining ishlanmalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldiryapti. Yarmarka doirasida tadbirkorlar o‘rtasida yangi loyihalar taqdimoti, B2B shaklidagi uchrashuvlar va muloqotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi 20 iyunga qadar o‘z ishini davom ettiradi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz



Farg‘onalik sportchilar Osiyo chempionatida yuqori natijalarga erishishdi

Viloyat hokimi Germaniya delegatsiyasini qabul qildi