Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Farg‘onada tantanali bayram tadbiri tashkil etildi










30 iyulь - Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Farg‘ona shahridagi Qirguli mavzesida joylashgan “Do‘stlik uyi”da bayram tadbiri tashkil etildi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Burhon Kuldashev, viloyat va shahar hokimliklari mutasaddilari, milliy madaniy markazlar rahbarlari hamda turli millat vakillari qatnashdi. Tadbir avvalida milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari, xalq an‘ana va qadriyatlarini o‘zida aks ettiruvchi ko‘rgazma mehmonlar e‘tiboriga namoyish etildi. Tantanada so‘z olganlar tomonidan O‘zbekiston — do‘stlik va birodarlik ulug‘langan yurt ekanligi alohida ta‘kidlandi. Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari o‘zaro hurmat, hamjihatlik va do‘stlik ruhida yashab, mamlakat rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelayotganiga e‘tibor qaratildi. Viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 8 ta milliy madaniy markazning davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi ishlari, umumxalq bayramlari va madaniy tadbirlardagi faol ishtiroki e‘tirof etildi. Davlat rahbarlarining o‘zaro siyosiy irodasi tufayli dunyo siyosatida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora va voqelik paydo bo‘lgani, bu borada shu yil mart oyida O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Tojikiston chegaralari o‘zaro tutashgan nuqtada “Do‘stlik” stelasi o‘rnatilgani yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganidan yana bir yorqin dalolat ekanligi ta‘kidlandi. Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan milliy madaniy markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida milliy madaniy markazlarga audio texnika vositalari jamlanmasi sotib olish uchun viloyat hokimligi tomonidan 92 mln so‘m miqdorida pul mablag‘i ajratilgani e‘lon qilinib, bu haqidagi sertifikat o‘z egalariga topshirildi. Konsert dasturida esa turli tillarda yangragan ko‘shiqlar, go‘zal raqslar, folьklor jamoalarining chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz


“Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi

Uchinchi xalqaro hunarmandchilik festivali yuqori saviyada o‘tkaziladi
