Berlin shahridagi O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasida qator ishbilarmonlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi





Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegasiya amaliy tashrif doirasida Germaniyadagi bir guruh kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashib, samarali kelishuvlarga erishilmoqda. Bugun Berlin shahridagi O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasida “Stein&Partners Rechtsanwälte mbB”, “MÜSIAD” kompaniyalari rahbarlari va ishbilarmonlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Samimiy muloqotda viloyat hokimi so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yaratilgan qulay investisiya muhiti, xorijiy tadbirkorlar uchun berilayotgan imtiyoz va kafolatlar haqida batafsil ma‘lumot berdi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatining iqtisodiy salohiyati, mavjud infratuzilmaviy imkoniyatlar va xorijiy sarmoyadorlar bilan amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli loyihalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov germaniyalik ishbilarmonlarni Farg‘ona viloyatidagi istiqbolli loyihalarda ishtirok etishga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga taklif etdi. Muzokaralar davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti, elektrotexnika, IT, farmasevtika, mashinasozlik va boshqa yo‘nalishlarda investisiya loyihalarini amalga oshirishga, Germaniyalik va farg‘onalik tadbirkorlarni hamkorligini yo‘lga qo‘yishga kelishildi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Axatov ishtirok etdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!