Farg‘onada o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan mutaxassislar Ulsan shahrida ish boshlaydi










Farg‘onada o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan mutaxassislar Ulsan shahrida ish boshlaydi Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)da Janubiy Koreyaning Ulsan metropoliten shahri bilan amaliy hamkorlik doirasida tashkil etilgan Ulsan shahriga malakali mutaxassislarni tayyorlash markazining ilk bitiruvchilariga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Ulsan metropoliten shahri meri Kim Du Gyom boshchiligidagi delegasiya, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migrasiya agentligi direktori Behzod Musaev, tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari hamda bitiruvchilar ishtirok etdi. Loyiha doirasidagi birinchi bosqichda 104 nafar yosh ikki oylik nazariy va bir oylik amaliy o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunladi. Ular Janubiy Koreyaning “Hyundai Heavy Industries” kompaniyasida kemasozlik sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishchi viza orqali mehnat faoliyatini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tadbirda Ulsan shahar ma‘muriyati va “Hyundai Heavy Industries” kompaniyasiga yoshlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorchilik bildirib, mazkur markaz O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligining amaliy ifodasi, mamlakat sanoati uchun bilimli va tajribali kadrlar etishtirishdagi muhim ahamiyati haqida so‘z yuritdi. - Bu markazda yoshlarimiz koreys tilini o‘rganib, kemasozlik va ishlab chiqarish sohalarida amaliy-nazariy bilimlarga ega bo‘lishmoqda. Ushbu loyiha orqali biz nafaqat yoshlarimizni xorijda munosib ish o‘rinlari bilan ta‘minlayapmiz, balki ta‘lim va mehnat migrasiyasi sohasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar, ilg‘or ijtimoiy kafolatlar tizimini shakllantirmoqdamiz. Joriy yil oktyabrь oyida Farg‘ona delegasiyasining Ulsan shahriga tashrifi amalga oshirilib, ikki hudud o‘rtasida birodarlashgan viloyat va shahar sifatida memorandumlar, shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan, - dedi viloyat hokimi. Tadbirda Migrasiya agentligi direktori Behzod Musaev ham so‘zga chiqib, birinchi bosqichda 104 nafar yosh bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda 96 nafar, navbatdagi bosqichda esa 107 nafar yoshlar tahsil olayotganini ma‘lum qildi. O‘qish istagidagi yoshlar soni kun sayin ortib borayotgani qayd etildi. Ulsan metropoliten shahri meri Kim Du Gyom hududlararo hamkorlikning amaliy samaralarini alohida ta‘kidladi. Shuningdek, tadbirda Farg‘ona va Ulsan shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik iqtisodiyot, madaniyat, turizm va boshqa sohalarda ham kengayib borayotgani alohida ta‘kidlandi. Koreya investisiyalari uchun Farg‘onada barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligiga e‘tibor qaratildi. Tadbir doirasida hamkorlik ko‘lamini aks ettiruvchi videorolik ham namoyish etildi. Koreyada mehnat faoliyatini boshlash arafasida turgan yoshlar samimiy qutlanib, ularga bilim, tajriba va mehnatsevarliklari orqali kelgusida O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishlariga ishonch bildirildi. Tadbir yakunida bitiruvchilarga tantanali ravishda sertifikatlar, o‘quv jarayonida faol qatnashgan yoshlarga esa “Hyundai Heavy Industries” kompaniyasining faxriy yorliqlari topshirildi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Farg‘onada zamonaviy “Bilimdon” bolalar oromgohi ochildi


Farg‘ona - Ulsan biznes - forumi tashkil etildi

Shohimardon zamonaviy turizm markaziga aylanadi

Farg‘ona va Ulsan hamkorligi barcha sohalarni qamrab oladi