Hamidjon Rahimov, Oltiariq tumani ixtisoslashtirilgan maktab direktori

Hamidjon Rahimov, Oltiariq tumani ixtisoslashtirilgan maktab direktori: Men buyuk sharaf – Prezidentimiz farmoni bilan «O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi» faxriy unvoni bilan taqdirlanishim haqidagi xabarni katta hayajon va katta mas‘uliyat tuyg‘usi bilan qabul qildim. Bu mukofot – shaxsiy mehnatimning emas, balki butun maktab jamoamiz, men bilan elkadosh bo‘lib mehnat qilayotgan ustozlar, zamonaviy bilim olishga intilayotgan shogirdlar, ularning ota-onalari va barcha hamkasblarimning umumiy yutug‘idir. Davlatimiz rahbari ta‘kidlaganidek: «Iqtisodiyot rivojlanishi, yurtimiz va farzandlarimiz kelajagi faqat va faqat ta‘lim va muallimga bog‘liq». Bu so‘zlarda bizning ustozlik hayotimiz va butun yurt taqdiri bilan uzviy bog‘liq ulkan haqiqat mujassam. Chunki ta‘lim – bu faqat dars berish emas, balki inson kamolotini shakllantirish, uning qalbi va ongini yuksaltirish, Vatan kelajagiga xizmat qilishdir. So‘nggi yillarda yurtimizda ta‘lim sohasi davlat siyosatida eng ustuvor yo‘nalishga aylandi. Maktab va bog‘chalar qurilishi, ularning zamonaviy jihozlanishi, chetdan mutaxassislarni jalb qilish, zamonaviy darslik va o‘quv dasturlari joriy etilishi – bugungi kunda ustozlar uchun yaratilgan sharoitlarning yorqin ifodasidir. Eng muhimi, Prezidentimizning qat‘iy irodasi bilan ustozlar mehnati munosib qadrlanmoqda: o‘z ustida ishlayotgan o‘qituvchilarning maoshi sezilarli darajada oshdi, maktab rahbarlari uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. Bugun o‘qituvchilarning maoshi ming dollar atrofiga etgani – kechagina orzu bo‘lgan narsaning hakiqatga aylanganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ta‘lim sifati yangi baholash tizimi orqali rag‘batlantirilmoqda. 1,5 ming maktabdan 300 tasi ijobiy natija ko‘rsatib, butun jamoasi 40 foizgacha ustama oldi. Bu esa ustozlar mehnati to‘g‘ridan-to‘g‘ri natijaga bog‘liq holda qadrlanayotganini anglatadi. Yurtimiz farzandlari xalqaro fan olimpiadalarida 195 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bu yutuqlar uchun o‘quvchilarimizga va murabbiy ustozlarga milliardlab so‘m mukofotlar berildi. Bundan tashqari, xorijiy tillarni o‘qitishga katta e‘tibor qaratilmoqda – bir yil ichida sertifikat olgan o‘quvchilar soni 2,5 barobarga oshdi. Shu bilan birga, milliy tarbiya modeli ishlab chiqilmoqda. Bu modelning asosiy maqsadi – yoshlarni zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega mutaxassis qilib tarbiyalash bilan birga, ularni milliy qadriyatlarga sodiq, yurti va xalqini sevuvchi inson qilib kamolga etkazishdir. Yangi o‘quv yilidan joriy etilgan “Kelajak soati” darslari esa har bir farzandimiz qalbiga milliy g‘oya, vatanparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarni zamonaviy usullarda singdirishga xizmat qilmoqda. Maktabdan tashqari ta‘limni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar – yangi bosqichning boshlanishidir. 219 ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, O‘quvchi yoshlar markazlari negizida tuzilayotgan “Kelajak markazlari” yoshlarni fan, muhandislik, madaniyat, san‘at, sport, ekologiya va kitobxonlikka yo‘naltiradi. Endi har bir o‘quvchi o‘z qobiliyatiga qarab to‘garaklarda qatnashishi mumkin bo‘ladi, ularning yutuqlari esa “raqamli portfolio” orqali elektron shahodatnomaga kiritiladi. Bu kabi islohotlar ta‘lim tizimini butunlay yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ayniqsa, Farg‘ona viloyatida ham ta‘lim sohasidagi islohotlar katta samaralar bermoqda. Ustoz sifatida men shundan xursandmanki, bizning mehnatimiz nafaqat qadrlanmoqda, balki yoshlarimizning har bir yutug‘i butun jamiyat taraqqiyoti bilan uyg‘un tarzda baholanmoqda. Shu bois, menga berilgan bu yuksak mukofotni o‘zimning shaxsiy sharafim emas, balki farzandlarimizning yutug‘i, xalqimizning e‘tibori va davlatimizning islohotlarga sadoqati deb qabul qilaman. Mening butun mehnatim – yoshlarimizning yuksak marralarga chiqishi, Vatanning buyuk kelajagiga xizmat qilishdan iboratdir. Shu yo‘lda men hamisha sidqidildan mehnat qilishga tayyorman. Davlatimiz rahbariga, xalqimizga bu yuksak ishonch va e‘tibor uchun cheksiz minnatdorchilik bildiraman.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz


Shohimardon zamonaviy turizm maskaniga aylanmoqda


Farg‘ona tarvuzlari Polьshaga etib bordi

Yangi bosqichdagi Farg‘ona ta‘limida xususiy sektorning ham ulushi ortmoqda